PROFESSIONAL TA’LIMNING YANGI TIZIMI VA YANGI TARMOG‘I YO‘LGA QO‘YILADI

16.07.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni uzluksiz professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda yangi korxonalar ishga tushirilib, ijtimoiy infratuzilma rivojlantirilmoqda. Oldinda yana katta reja va maqsadlar bor.

Bularning barchasi malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Chunki har bir sohaning rivoji, loyihalarning ijrosi yetuk kadrlarga bog‘liq.

Shu bois keyingi yillarda ta’lim tizimi modernizatsiya qilinib, o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalari joriy etilmoqda. Hududlarda yangi, shu jumladan, xorijiy ta’lim muassasalari tashkil etilib, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashga sharoit yaratilmoqda.

Joriy yil 11 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda kasb-hunar o‘rgatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. 

Hozirda mehnat bozorida 9 ming 145 ta kasb va lavozimlar mavjud bo‘lib, ulardan 6 ming 282 tasi bo‘yicha o‘rta maxsus malaka darajasi talab etiladi. 

Yig‘ilishda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. 

Kollejlar negizida professional ta’lim muassasalarining yangi tarmog‘ini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu muassasalarda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. O‘qitish muddatlari zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarning murakkabligiga qarab turlicha bo‘ladi. 

Yig‘ilishda ushbu tizimni joriy qilishdan oldin uning metodologiyasini yaratish, ta’lim dasturlarini xalqaro talablar asosida yangidan ishlab chiqib, o‘qituvchi va ishlab chiqarish ustalarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish va rag‘batlantirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.  

Davlatimiz rahbari yangi professional ta’lim tizimini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi. 

Joylarda ishsizlik kuzatilayotgan bir paytda ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislarga katta ehtiyoj borligi qayd etildi. Masalan, yengil sanoatda 46 ming, qurilishda 104 ming, metallga ishlov berish bo‘yicha 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 67 ming nafar mutaxassis yetishmayapti. Bu ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida uyg‘unlik yo‘qligi oqibatidir.

Shu bois bitiruvchining ishga joylashishi yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi ta’lim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi kerakligi qayd etildi. 

Prezident yangi professional ta’lim tizimi bo‘yicha taklif etilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

two × two =