QARSHIDA “AMERIKA BURCHAGI” OCHILDI

08.04.2021

AQShning Toshkentdagi elchixonasi, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Qarshi shahridagi “Barkamol avlod” jamoatchilik markazida “Amerika burchagi”ni rasman ochdi. Ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri o’rinbosari Rustam Karimjanov va AQShning O’zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum qutlov nutqi bilan chiqish qildi.

Tantanali ochilish marosimidagi nutqida elchi Rozenblyum shunday dedi: “Qarshida Amerika burchagining ochilishi nafaqat hukumatlarimiz, balki mamlakatlarimiz xalqlari o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ham muhim bosqich bo’ladi”.

Qarshidagi “Amerika burchagi” xuddi AQShning Toshkentdagi elchixonasida joylashgan “Amerika markazi” hamda O’zbekiston Milliy kutubxonasi qoshidagi “Amerikaga darcha”dagiga o’xshash resurslar bilan ta’minlovchi, poytaxt shahardan tashqarida barpo etilgan birinchi markazdir. Qarshidagi “Amerika burchagi” AQSh hukumati tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan 600 dan ortiq ochiq madaniy markazga ega yirik tarmoqning bir qismi bo’ladi. 140 dan ortiq mamlakatda joylashgan bunday Amerika markazlari AQSh bilan global aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Tegishli texnologiyalarga ega zamonaviy Amerika kutubxonalariga o’xshash bu markazlar har yili millionlab tashrif buyuruvchilarni qabul qilib, ularga Amerika madaniyati va qadriyatlari to’g’risida ma’lumot beradi hamda ingliz tilidagi Amerika kitoblari, filmlari va dasturlaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratadi.

“Barkamol Avlod” markazining ikkinchi qavatida joylashgan, kompyuter laboratoriyasi, kutubxonaga ega sinf xonasi, konferensiya zali va o’quv maslahat xonasini o’z ichiga olgan 230 kvadrat metr maydonga ega ushbu Burchak tashrif buyuruvchilar uchun chorshanba-juma kunlari soat 12:00 dan 19:00 gacha, shanba-yakshanba kunlari esa soat 10:00 dan 17:00 gacha bepul xizmat ko’rsatadi. Burchakda kompyuterlar, yuqori tezlikdagi Internetga ulanish va boshqa zamonaviy texnologiyalar kabi ko’plab manbalarga ega Amerikaga xos samimiy va ijodiy muhit yaratiladi.

Qarshidagi “Amerika burchagi” ingliz tili ona tili hisoblangan shaxslar ishtirokidagi dasturlar orqali ingliz tilini o’rganishni targ’ib qiladi, shuningdek, bosma va raqamli ingliz tilidagi manbalardan foydalanish imkoniyatini beradi. Burchak, shuningdek, Amerika Qo’shma Shtatlaridagi bakalavriat va magistraturada ta’lim olmoqchi bo’lganlarga maslahat xizmatlarini bepul ko’rsatadigan “EducationUSA” uchun markaz bo’lib xizmat qiladi. Burchak faoliyati suhbat klublari, munozara guruhlari, virtual dasturlar, filmlar namoyishi va ingliz tilini o’rganish tadbirlarini o’z ichiga oladi.

Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshiriladigan “Amerika burchaklari” tashabbusi doirasida O’zbekiston bo’ylab ana shunday yettita burchak ochiladi. Qo’shma Shtatlar hukumati ushbu loyihaga 800 ming dollardan ko’proq mablag’ ajratdi. Loyiha mahalliy hamkor tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

3 × three =