“RESEARCH COMMERCIALIZATION PROGRAM” TANLOV GRANT DASTURINI E’LON QILISH YUZASIDAN AMALIY SEMINAR BO‘LIB O‘TDI

06.12.2023

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jahon Banki “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (“MUNIS”) loyihasini amalga oshirish  guruhi tomonidan innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5, 7, 12 va 14-dekabr kunlari o‘tkazilayotgan amaliy seminarlarda loyiha shartlari, talablari va yo‘nalishlari, ariza topshirish hamda ekspertiza jarayonlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilmoqda. 

5-dekabr sanasida “INNO” texnoparkida o‘tkazilgan tadbirning ilk kunida Jahon Banki xalqaro maslahatchilari – texnologiyalarni tijoratlashtirish va innovatsiyalarni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro ekspert Abыlay Axыmbekov, venchur moliyalashtirish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalar ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ekspert Yevgeniy Yevdokimov, intellektual mulkni boshqarish, innovatsion marketing, patent tadqiqotlari va texnologiyalar transferi bo‘yicha xalqaro ekspert Yekaterina Runova o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

Tadbir davomida RCP dasturi haqida batafsil ma’lumot berilib, arizalarni topshirish, ularni ko‘rib chiqish tartibi hamda grant shartlari va talablari kabi masalalar qamrab olindi. Seminarning yakuniy qismida Q&A sessiyalari bo‘lib o‘tdi va ularda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

Tadbirning ilk kunida oliy ta’lim muassasalar, ilmiy tashkilotlar va xususiy sektor vakillari, shuningdek, olim-tadqiqotchilar va yosh startapchilar ishtirok etishdi.