Bu yil xalqimiz, xususan, butun ahli ijod atoqli oʼzbek yozuvchisi, xalqimizning sevimli adibi, Oʼzbekiston qahramoni Said Аhmad tavalludining 100 yillik yubileyini nishonladi.
Taʼkidlash joizki, soʼnggi yillarda har jabhada boʼlgani kabi badiiy tarjima sohasida ham juda koʼp xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʼzbek adabiyotining atoqli namoyandalari qalamiga mansub asarlar jahonning turli tillariga tarjima qilinmoqda. Jumladan Said Аhmadning bir-biriga oʼxshamagan turli janrdagi asarlari, xususan, uning hajviy hikoyalari, insonni chuqur oʼyga toldiruvchi jiddiy hikoyalari, qissa va romanlari dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingan va xorijdagi oʼzbek adabiyoti ixlosmandlari qalbidan oʼz oʼrnini egallagan.
Lekin biz bugun taniqli adib qalamiga mansub asarlarning jahon xalqlari tillariga qilinayotgan tarjimalari haqida muxtasar toʼxtalamiz.
Ushbu yoʼnalishda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Tarjimashunoslik va xorijiy jurnalistika kafedrasi dotsenti Xayrulla Hamidov xayrli ishlarga qoʼl urdi. Shunday ishlardan biri yaqinda Turkiya Respublikasida sevimli adibimiz tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Xayrulla Hamidov tomonidan turkchaga oʼgirilib, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsievaning soʼzboshisi bilan Tukiya Respublikasining Xalqaro TÜRKSOY madaniyat tashkiloti tomonidan turk tilida nashr etilgan “SAİD AHMET. Seçme Hikayeler” (Said Аhmad. Tanlangan hikoyalar) kitobidir.
Ushbu kitobdan Said Аhmadning XX asrning ikkinchi yarmida yozgan va mashhur boʼlib ketgan oʼttizga yaqin hikoyasi, jumladan “Elim”, “Sagʼana”, “Xomtalash”, “Iqror” singari hajviy hikoyalari bilan bir qatorda, “Oʼn sakkiz yoshing”, “Mehribon”, “Koʼklam chechaklari”, “Surat” va mashhur “Qorakoʼz Majnun” kabi inson qalbini larzaga soluvchi jiddiy hikoyalarining turk tiliga qilingan tarjimalari oʼrin olgan. Bu tarjimalar badiiy tarjima sirlari va tarjima muammolarini oʼrganayotgan talabalarimiz uchun manba boʼlish bilan birga Turkiyadagi oʼzbek adabiyoti ixlosmandlariga tuhfa qilinib, boy adabiyotimizni keng yoyishga xizmat qiladi.
Galdagi rejamiz adib asarlarini sharqning boshqa tillariga ham tarjima qilib, xorijda nashr ettirish va oʼzbek adabiyoti, madaniyati va sanʼatini keng targʼib qilishdan iborat.
TURKSOY tashkiloti tomonidan turk tilida nashr etilgan “SAİD AHMET. Seçme Hikayeler” kitobi taqdimoti shuningdek, TURKSOY hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʼrtasida Hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bir kunda (30.10.2020) boʼlib oʼtdi.
Taqdimotda Oʼzbekiston Respublikasining Аnqaradagi favqulodda muxtor elchisi Аlisher Аgzamxodjaev va TURKSOY Bosh kotibi Dyusen Kaseinov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva, TURKSOY Bosh kotibi oʼrinbosari Bilol Chaqiji, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, tarjimon Xayrulla Hamidov, Аnqara universiteti professori Dr. Аynur Oʼz Oʼzjan, Аnqara Hoji Bayram Vali universiteti dotsenti Dr. Vali Savash Yeloʼq ishtirok etishdi (www.facebook.com/turksoyorg).
TURKSOY tashkiloti tomonidan turk tilida nashr etilgan “SAİD AHMET. Seçme Hikayeler” kitobining bir necha nusxasi yaqinda Oʼzbekiston Respublikasining Аnqaradagi elchixonasi tomonidan Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga taqdim etildi.
“SAİD AHMET. Seçme Hikayeler” kitobining Toshkentga keltirilgan original nusxasi taqdimoti 2020 yil 11 dekabr kuni TDSHUda oʼtkazilgan “Oʼzbekiston tarjimashunoslari forumi – 2020” Respublika ilmiy-amaliy anjumanida oʼtkazildi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.