O‘ZBEKISTON-TOJIKISTON REKTORLARINING BIRINCHI FORUMI SAMARALI YAKUNLANDI

16.03.2023

joriy yil 14-mart kuni Dushanbe shahridagi Tojikiston milliy universitetida “O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi ikki tomonlama aloqalar milliy iqtisodiyotni rivojlantirish asosi” mavzusida ikki mamlakat rektorlarning birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov boshchiligidagi 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasasidan rektor va prorektorlardan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishdagi o‘zaro sa’y-harakatlari hamda strategik sheriklikning yana bir misolidir. Anjumanda Tojikistonning 40 dan ortiq oliy o‘quv yurti rektorlari, va ilmiy doira vakillari, jami 300 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Forumni Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri R. Saidzoda va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I. Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochdi. Vazirlar forumni ikki davlat ziyolilari o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun yaratilgan imkoniyatlarning samarasi sifatida baholab, endigi navbat ikki davlat olimlari va professor-o‘qituvchilari o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash ekanini ta’kidladilar.

– O‘zbekiston-Tojikiston rektorlarning birinchi forumi uzoq kutilgan tadbirlardan biri va u universitetlar o‘rtasida yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi, –dedi R.Saidzoda.

Shuningdek, Tojikiston milliy universiteti rektori Q. Hushvaqtzoda so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalarda ijobiy dinamika kuzatilayotganini, bunda davlatlarimiz rahbarlarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosatlari, o‘zaro ishonchga asoslangan ochiq muloqotlari hamda ushbu uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, rasmiy ochilishda Tojikiston milliy universiteti rektori Q. Xushvaqtzoda O‘zbekiston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlarda mavjud bo‘lgan barcha masalalarni yechish bo‘yicha amalga oshirgan sa’y-harakatlari Tojikistonda yuksak qadrlanishini, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar ochilib, transport tizimlari tiklanib, fuqarolarning erkin bordi-keldi qilishlari uchun imkoniyatlar yaratilgani, bugungi kunda Tojikiston milliy universitetidagi o‘zbek talabalarning soni oshganligidan ko‘rish mumkinligini aytdi.

Ishtirokchilar forumning “Oliy ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik: ustuvor vazifalar va rivojlanish yo‘nalishlari” hamda Ilmiy va innovatsion hamkorlik yangi iqtisodiyotni rivojlantirishning asosi” mavzulardagi sho‘balarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ikki mamlakat OTM rahbarlari chiqishida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvi, Tojikiston universitetlari bilan hamkorlik strategiyasi, birgalikda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ularning muvaffaqiyatlari yuzasidan aloqalarning muhim jihatlari qayd etildi.

Muzokaralar natijasida 28 ta anglashuv memorandumi, bitim va “Yo‘l xaritalari” imzolandi. Anjuman doirasida U-2-U (universitet-universitet) formatida rektorlar uchrashuvi o‘tkazilib, ularda ham qator hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, tomonlar ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini ko‘paytirish, o‘zbek-tojik qo‘shma universitetini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish, rektorlarning ikkinchi forumini Toshkentda tashkil qilishga kelishdi.

Tojikiston milliy universiteti rektori Q. Xushvaqtzoda bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida mazkur universitet hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish hamda Tojikiston fuqarolarining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlari uchun grantlar ajratish, shuningdek, mazkur universitet xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish masalasi muhokama etildi. Tojikiston milliy universitetida Tojikiston OTMda tahsil olayotgan 300 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbir chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

https://edu.uz/uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three × 4 =