SAMARQAND SAYQALIDA ULUG‘BEK FENOMENI

06.12.2021

Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast.
Sa’diy Sheroziy

Bu epigrafda Samarqand haqidagi barcha ma’lumotlar mujassam. Birinchidan, Samarqand poytaxt shahar bo‘lgan; ikkinchidan, ne-ne buyuk shaxslar u yerda podshohlik qilganlar; uchinchidan, mashhur madrasalar u yerda ham tashkil etilgan bo‘lib, ularda Hazrat Navoiy, Abdurahmon Jomiy kabi she’riyat olamining porloq yulduzlari tahsil olishgan; to‘rtinchidan, bu shaharda adabiyot, san’at va hunarmandchilik dunyosining mashhur vakillari yetishib chiqqanlar; beshinchidan; yer yuzining hech bir go‘shasida bo‘lmagan osori atiqalar qad ko‘targan va ular hozirgacha Samarqandga sayqal berib turibdi; oltinchidan, necha zamonlardan beri buyuk shaxslarning: Qusam ibn Abbos, jahongir Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, hazrati Xizr kabilarning maqbaralari dunyo xalqlarining ziyoratgohlari sifatida odamlarni o‘ziga chorlaydi; yettinchidan, O‘zbekistonda eng birinchilardan bo‘lmish Samarqand davlat universiteti ming-minglab malakali mutaxassislarni yetkazib bermoqda; sakkizinchidan, Samarqandning o‘ziga o‘xshagan zalvorli noni hech qayerda bunchalik mazali pishirilmaydi; to‘qqizinchidan, Samarqandning mashhur Siyob bozorida joningizdan boshqa hamma narsa topiladi; o‘ninchidan, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi ham ( ruhlari shod bo‘lsin) shu yerdagi buyuk insonlar maqbarasi qatoridan joy olgan.

Eh-he, Samarqandga sayqal berib turgan bunday durdona marjonlarni sanab sanog‘iga yetolmaydi kishi. Ularning ichidan e’tiborimizni tortgan shoh, olim, astronom, matematik, gumanist (insonparvar) shaxs haqida yozilgan, salkam unutilayozgan asar Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi misolida Samarqandga hamon sayqal bo‘lib kelayotgan Mirzo Ulug‘bek haqida fikr bayon qilmoqchimiz. Zero, har bir unutilgan narsa yangilikdir, degan naql bor.

Tarixiy adabiyotlarda Mirzo Ulug‘bekning tug‘ilgan vaqtidan boshlab, voyaga yetgani, shohlik darajasiga ko‘tarilganligi va vafoti haqida ma’lumotlar bor. Maqsud Shayxzoda ana shunday faktlarga asoslanib, “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini yaratgan. Bu asar uning shohlik faoliyati davridan boshlanadi.
Agar tarix ilmida voqealar ketma-ketligi xronologik tartibda va faqat dalillardan iborat bo‘lsa, badiiy asarda bu dalillarga yana boshqa ma’lumotlar qo‘shiladi. Masalan, Ulug‘bekning u yoki bu muammo haqidagi o‘ylari, uning atrofidagi odamlar va ziddiyatli kimsalarning unga munosabatlari, ularning gap-so‘zlari muallif tomonidan o‘ylab chiqariladi. Bu faktlarni keyingi paytda fabula deyishmoqda. Internetning Vikipediya sahifasida fabulaga shunday izoh beriladi: “Fabula bu — asarda ifodalanayotgan hikoyaning daliliy tomoni, ya’ni undagi voqealar, tasodiflarning, harakatlarning, holatlarning dalillari, ularning sabab-oqibatli, xronologik ketma-ketligi bo‘lib, ular muallifning ijodiy faoliyati jarayonida syujetda o‘zi tasvirlayotgan voqealar taraqqiyotiga mo‘ljallangan holatlarning qonuniyatlar asosida yaxlitlashtiriladi va shakllantiriladi [1. https\\ru.m.wikipedia.org >wiki]. Ba’zi ilmiy adabiyotlarda predmet tasviriyligi fabulaga tenglashtiriladi. Masalan, P.N. Medvedev Baxtin “Fabula — voqea bo‘lib, hayotda paydo bo‘lgan”, — deya e’tirof etganini aytadi [2, 155]. Agar Aristotel “Poetika” asarida fabulani “harakat” deb tasvirlagan bo‘lsa, V.Kojinov “fabula oxir-oqibatda voqealarning ma’lum darajadagi birikishi haqidagi ma’lumot, xabar”, — deydi [ 3, 425]. Albatta, fabulaga xos xususiyatlarni tahlil qilsak, ma’lum bo‘ladiki, yuqoridagi Vikipediyada fabulaga berilgan ta’rif to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Agar fabula bilan syujetga xos xususiyatlarni o‘zaro qiyoslasak ham, ularning belgilari turlicha ekanini ko‘ramiz. Ular quyidagilar:

1. Fabula real voqealardan iborat, syujet esa to‘qima voqealardir.
2. Fabulada badiiylik bo‘lmaydi, syujetda esa voqealar badiiylashtiriladi.
3. Fabulada dalillar ketma-ketligi, asosan, xronologik tartibda bo‘ladi, syujetda bunday tartib buzilishi mumkin.
4. Fabulada real shaxslar ishtirok etadi, syujetda esa badiiy obrazlar yaratiladi.
5. Fabulada badiiy tildan foydalanilmaydi. Syujetda esa badiiy til, ya’ni badiiy tasvir vositalari ishlatiladi.
6. Fabulada tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim kabi syujet elementlari bo‘lmaydi. Syujet esa bunday xususiyatlarga ega.
7. Fabulada retro – o‘tmishga qaytish xususiyati mavjud emas, syujetda xronologik tartib buzilib, o‘tmish voqealari tasviriga o‘tib ketish mumkin. Mana shu dalillar ham fabula bilan syujetning bir-biridan farqlanuvchi tushunchalar ekanligini ko‘rsatadi [4. Uchenыy XXI veka,2020, № 12].
Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asari posbonlarning suhbati va elchilarning kutib olinishiga tayyorgarlik bilan boshlanadi. So‘ngra Ulug‘bek Chin Mochin, Hindiston, Misr, Farangiston, Rus davlatidan kelishgan elchilar bilan turli mavzuda suhbatlashadi va ularga o‘zining “Yulduzlar jadvali”ni taqdim qilar ekan, shunday deydi:

Bu asarlar uzoq mehnat samarasidir
Shu jadvalda keltirilgan ta’rif va tavsif
Ko‘kda bir ming o‘n sakkizta yulduzga oid.
Borib bering shahringizda munajjimlarga
Topganini baham ko‘rar jo‘mard odamlar.
Kitoblarni bir-bir elchilarga tutib, ular bilan qo‘l berib xayrlashadi.

M.Shayxzoda bu jarayonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan emas, lekin fabuladagi faktlar asosida bu uchrashuvni shunday tasvirlaydi. Endi fabuladagi dalillarga e’tibor beraylik: Ulug‘bek yoshligidan ilmga qiziqqan, zero uni yoshligida buvisi Saroy Mulk xonim shunday tarbiyalagan edi. Ulug‘bek shu bilan birga mamlakatning ravnaqini ko‘zlagani tufayli yangi usuldagi bilim yurtlari: maktab va madrasalar tashkil qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning o‘zida Samarqand, Buxoro, G‘ijduvonda madrasalar barpo etadi [5.: \\zamonaviy.com.>news>miuz…] Bu haqda O‘zbekistonda madrasalar tadqiqotchisi Mahkamoy Tursunova shunday deydi: “Abdurazzoq Samarqandiy asli samarqandlik bo‘lib, asosan, Hirotda Shohruh Mirzo saroyida tarixchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning, ayniqsa, Ulug‘bek Mirzoning madrasai oliyasi haqidagi ma’lumotlari diqqatga sazovordir: “Ulug‘bek Ko‘ragon Samarqand ichkarisida atrofi g‘ulobobozor bo‘lgan bir mavzeda bir oliy madrasa bino qildi va u madrasa ro‘baro‘sida bir xonaqoh qurdirdi. Aytishlaricha, madrasaning tarxini me’mor Quvomiddin Sheroziy yaratgan, – deydi”[6, 156]. Endi mana shu fabulaning tragediyada qanday aks etganligini ko‘raylik: “To‘rtinchi ko‘rinish. Samarqand. Registon, madrasa. Katta darsxona. Turli mamlakatdan kelgan talabalar. Iroqlik talaba:

Ammo darhaq to‘g‘ri yozgan Mirzo Ulug‘bek:
“O‘lmay mangu yashar ekan fan haqiqati”
[7. www.ziyouz.com kutubxonasi].

Mana bu misoldan ko‘rinadiki, muallif shahar, joy nomini madrasa va katta darsxonani, turli mamlakatlardan kelgan talabalar-u ularning gaplarini keltiradi. Bu ma’lumot tarixiy hujjatlar -– fabulada yo‘q, lekin undagi dalillar badiiylashtirilib, aynan, Maqsud Shayxzodaning tasavvurini aniq ifodalaydi. Garchi fabulada keltirilgan dalillarda badiiylik ifodalanmagan bo‘lsa-da, u syujetning oddiy sxemasi, uni istagan variantda badiiylashtirish mumkin.

Fabulada Mirzo Ulug‘bekning asarlari, xususan, uning 1018 yulduzlar jadvali haqida bunday deyiladi: “Ulug‘bek ilm-fan olamida buyuk astronom sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” deb nomlangan astronomik jadval sanaladi. U 1437-yilda 994 yulduz to‘plamini “Ziji sultoniy” asarida tartib bergan. Bu asarda Oksfordda Tomas Xayd tomonidan 1018 ta yulduz tadqiq qilingan… Bu asarning Grive va Xayd tomonidan nashr qilinishi Yevropa astronomiyasi uchun ulkan voqea bo‘ldi” [8. https\\ru.m. wikipedia. org >wiki ].

Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlari haqida tarixda bunday ma’lumotlar ko‘p. Eng muhimi, uning 1018 ta yulduzni kashf etgani va bu jadvalning Yevropagacha yetib borganidir. Ko‘rinadiki, fabula tarixiy faktlardan iborat, uning badiiy asarda ifodalanishi, garchi to‘qilgan ma’lumot bo‘lsa ham, o‘ta e’tiborni tortguvchi va qiziqarlidir. Ayniqsa, tarixiy shaxslar haqidagi asarlarda fabula juda keng miqyosda foydalaniladi, chunki tarixiy qahramon tarixiy sharoitda yashaydi va bu sharoit voqealari faqat dalillardan iborat bo‘ladi.

Agar “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasida Ulug‘bekning nutqiga e’tibor berilsa, u (muallif) nihoyatda ma’rifatli jumlalarni ishlatadi. Masalan:

Qalbsiz badan – o‘chgan chiroq, olovsiz tutun.
Agar yurtning fuqarosi tunda uxlamay, faryod tortsa, demak, shohning vijdoni uxlar…
Biroq inson odatlarning sarhadida qolganda edi, Kechirishning halovati shirin ming karra.
Bo‘hton nima? G‘ayirlikning qopag‘on iti.
Saltanatki, sultoni yo‘q– boshsiz bir tana.
Men shohlikni ma’rifatga qildim dastyor.
Xurriyat, deb bandilikka ko‘ngan erkinlar
O‘lmay mangu yashar ekan fan haqiqati.

Bularning hammasi Ulug‘bekning juda zakiy siymo ekanligini ko‘rsatuvchi dalillardir. Uni romantik shaxs deb ham atash mumkin. Uning fan yutuqlarini qadrlashi va odamlarni fan yutuqlaridan bahramand qilishga urinishi (madrasada dars berishi), musiqani yaxshi his qilishi, ayollarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, ziddiyatli holatlarda o‘zini bosiqlik bilan va ma’rifatli tutishi, yaqin kishilariga mehribonlik va g‘amxo‘rlik qilishi, muhabbat masalasida ham ig‘volarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilib ketmasdan ig‘vo ostida qolgan odamning sha’nini saqlagan holda qaror chiqarishi, zindonga tashlangan mahbuslarning adolatli yoki adolatsiz jazolanishiga befarq bo‘lmasligi kabi nihoyatda ko‘p insoniy fazilatlar Mirzo Ulug‘bek obrazining nihoyatda mahoratli va mehr bilan yaratilganligini isbotlaydi. Bu tasvirlar badiiylashgan bo‘lib, Maqsud Shayxzodaning xizmati katta. U fabula materiallarini ustalik bilan badiiylashtirgan. SSSR Fanlar akademiyasining T.N.Qori-Niyoziy rahbarligidagi ilmiy ekspeditsiyasi Samarqandga kelib, Temuriylar xilxonasini ochgan. Jumladan, Ulug‘bek jasadini tekshirib, uning boshi qilich zarbidan uzilganini aniqlagan. Jahon astronomiya fanining ulug‘ namoyandalaridan biri, Movaraunnahr podshosi Ulug‘bek hayotining shunday fojia bilan yakun topgani Shayxzodaga qattiq ta’sir etgan. Akademik Qori-Niyoziyning Ulug‘bek hayoti va ilmiy merosini o‘rganishda davom etib, 1950-yilda “Ulug‘bekning astronomiya maktabi” kitobini Moskvada rus tilida nashr etishi esa Shayxzoda shuurida bundan 9 yil avval paydo bo‘lgan ijodiy niyatning uyg‘onishiga sabab bo‘lgan [3, 250]. Muallif tragediyada esa Ulug‘bek shaxsiyatiga ehtiromi tufayli boshini tanidan judo qilish tarixiy faktini badiiy to‘qima asosida o‘zgartirgan. Har bir shaharning aurasi u yerda yashayotgan odamlarning ichki dunyosi bilan bog‘liq. Hatto nafaqat shahar, oddiygina biror tashkilot binosiga kirilganda, bu xususiyat seziladi. Ko‘p jihatdan, bu narsa o‘sha joyning boshlig‘i dunyoqarashiga, ichki olamiga ham bog‘liq. Mirzo Ulug‘bekning ichki olami anvoyi gullar(ilm)ga boy va u qo‘l ostidagilarni ulardan bahramand qilishga undagan. Shuning uchun ham u yashagan va shohlik qilgan zamonda ilm-fan, san’at, hunarmandchilik juda rivojlangan edi. Mana shunday kuchli aura mamlakatning urush balolaridan qutulib chiqishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu ma’noda Samarqand asrlar mobaynida eng yuqori darajada rivojlangan, dunyo odamlarini o‘ziga chorlaydigan shahar titulini qo‘ldan bermay kelyapti, chunki Amir Temur, Mirzo Ulug‘bekdek siymolarning ruhlari Samarqandni hamisha qo‘llab-quvvatlab turadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Медведев П.Н. (Бахтин М.М.) Формальный метод в литературоведении. – М, 1993.  – С. 205.
2. Karimov N. Maqsud Shayxzoda. Ma’rifiy-biografik roman “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati. – Toshkent, 2009. – 359 b.
3. Кожинов В.В. Сюжет, фабула, композиция// Теория литературы. Основные проблемы в историческом освещении. Роды и жанры. – М.: Наука, 1964. С. 408– 485.
4. Sultonsaidova S. Zahiriddin Muxammad Bobur haqidagi asarlarda fabula va syujet //Uchenыy XXI veka, 2020. – № 12.
5. Mirzo Ulug‘bek haqida (1394-1449) – 5 yanvar 2019. http: \\zamonaviy.com.>news>miuz.
6. Tursunova M. Samarqand madrasalari (monografiya). – Toshkent, 2019. 156.
7. Shayxzoda M. Mirzo Ulug‘bek. www.ziyouz.com kutubxonasi.
8. https://ru.wikipedia.org/wiki/

Saodat SULTONSAIDOVA
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi



2 Comments so far

Jump into a conversation
  1. Hakimova Nilufar
    #1 Hakimova Nilufar 19 Dekabr, 2021, 21:37

    Муаллифнинг илмий таҳлили, манбаларни чуқур ўргангани мантдаги фикр-мулоҳазаларда аниқ намоён бўлган. Тўлиқ фабула жанрида ёзилган асарлар ҳақида маълумот, илмий таҳлил берилганда янада аҳамиятли бўлар эди.

    Reply this comment
    • Саид
      Саид 31 Dekabr, 2021, 08:20

      Ассалому алайкўм. Мақола йўналиши янги, мақолада кўтарилган масала янги бўлмасада, лекин бу каби мақолалар янги ҳисобланади. Фақат кириш қисми бироз чўзилипти.

      Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three × 1 =