«SHARQ TARONALARI» O’N UCHINCHI XALQARO MUSIQA FESTIVALI BO’LIB O’TMOQDA

26.08.2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni “Sharq taronalari” o‘n uchinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida mehmonlarni ko‘rishdan mamnunligini bildirib, ularga xalqimizning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. “Sharq taronalari” festivali, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, bugungi kunda “jahon taronalari” anjumaniga aylanganini ta’kidladi.

– O‘tgan davr mobaynida Samarqandning yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. Ko‘hna Sharq bag‘rida tug‘ilgan musiqiy qadriyatlar anjumanimiz tufayli xalqaro miqyosda keng e’tibor va e’tirof qozondi. Festival o‘nlab mahoratli xonanda va sozandalarni, iste’dodli yoshlarni kashf etdi, ularning parvoziga qanot, ijodiga kuch va ilhom bag‘ishladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bunday anjumanlar ko‘paydi. Maqom, baxshichilik, folklor va raqs san’ati, hunarmandchilik festivallari kabi xalqaro madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bular O‘zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu da’vati ekani qayd etildi.

– Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san’at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari xalqlar o‘rtasida do‘stlik va ahillikni mustahkamlash, musiqiy merosni o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish masalalariga e’tibor qaratdi. Shu nuqtayi nazardan, “Sharq taronalari” festivali tarixi va musiqa madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shaklini yaratish, anjumanning xalqaro “Do‘stlar klubi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Festivalning g‘olib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida konsert dasturlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Marosimda YUNЕSKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va boshqa tashkilotlardan faxriy mehmonlar ishtirok etdi. Umuman, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar qatnashmoqda.

Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tadi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen + nineteen =