Gektor Gyugo Monroning “A piece of Soap” hikoyasi
Norman Gotsbi Gayd bog’idagi butalar ortida joylashgan o’rindiqda o’tirardi. O’sha payti may oyining iliq oqshomi edi. Quyosh allaqachon botishga ulgurib, oqshom cho’kkan, ammo uning o’rindig’i yonidan o’tib turgan odamlarni ovozlari va yuzlarini ilg’ab olish qiyin emasdi. Gotsbi faylasuf edi, shuning uchun o’zi tanimagan-bilmagan insonlarni bog’da kuzatib o’tirishni yoqtirardi. U atrofidagi odamlar kim va qayoqqa ketayotganligi haqida o’y surarkan, bir yosh yigit u o’tirgan o’rindiq oldiga keldi va unga yuzlanib, yoniga o’tirdi. Notanish yigit judayam ko’rkam bo’lib, uni jentlmenga qiyoslash mumkin edi. U yuzidan xafa ko’rinardi va chuqur xo’rsinib qo’ydi.
Norman unga «Kayfiyatingiz yaxshiga o’xshamaydi, nazarimda», — dedi. Yigitcha javob qaytarmadi. Faqatgina Norman xushlamaydigan nigohlar bilan unga qarab qo’ydi.
Va nihoyat, «Hammasi qanday sodir bo’lganini hatto bilmayman ham», — deb gap boshladi. «Ammo hayotimdagi eng ahmoqona ishga qo’l urdim», — deb judayam sekin ovoz bilan gapirdi.
«Kechirasiz?»- dedi Norman hech nimaga tushunmagancha.
«Men Londonga tush vaqtida yetib keldim», — deya yosh yigitcha gapida davom etdi. «Mehmonxonada tamaddi qildim, ota-onamga xat yo’llab, turgan manzilimni yozib yubordim. So’ng sovun olish uchun ko’chaga chiqdim», — dedi. Mehmonxonada o’zlari sovun berishadi, deyishar edi; ammo men ahmoq o’zim uchun yangisini sotib olaman, deb oliftalik qilibman. Sotib ham oldim, barda ozgina ichkilik ichib, do’kon aylandim. Mehmonxonaga qaytaman deganimda esa angladimki, na uning nomini, na qaysi ko’chada joylashganligini bilar ekanman. Tog’ri, ota-onamga yozilgan xatda men manzilni qo’shib yoza olardim, ammo ular ertagacha xatimni olmas ekan. Xullas, oxirgi shillingimni o’sha sovunga va ichkilikka sarflab yuboribman. Mana endi yonimda bor-yog’i ikki pensgina qoldi. Hatto tunashga joyim yo’q, deb hikoyasini yakunladi.
Shundan so’ng, oraga biroz sukunat cho’kdi.
Ortidan, «Qo’rqamanki, siz menga ishonmaysiz», — deb qo’shib ham qo’ydi.
«Nega unday deysiz?», — dedi Norman. «Men ham siznikiga o’xshash holga tushganman, chet elga chiqqanimda, shunday bo’lgan; sizni holatingiz menga tanish, holingizni anglab turibman», — dedi u.
«Meni xursand qildingiz, — dedi notanish yigit, mamnunlik bilan. — Endi men bora qolay, qorong’u tushgunga qadar sizday menga ishona oladigan insonni izlashim va menga biroz qarz berishga ko’ndirishim kerak».
«Albatta», — dedi Norman sekin-astalik bilan. «Ammo hikoyangizni nozik tomoni ham borki, siz menga olgan sovuningizni hali ko’rsatmadingiz», — deb qo’shib qo’ydi.
Notanish yigit qo’lini cho’ntagiga soldi va birdaniga o’rnidan turib ketdi.
«Jin ursin, uni tushirib qo’yibman-ku», — deya jig’ibiyron bo’la boshladi.
«Bir kunda ham mehmonxonani, ham sovunni yo’qotish judayam alamli bo’larkan», — dedi Norman.
Ammo yigitcha uni gaplarini eshitmadi, negaki u nari keta boshlagan edi.
«Juda ayyorona reja tuzibdi sovun haqida, ammo judayam oddiy, meni bunga ishontira olmadi», — deb o’ylab turganda, u o’tirgan stoli chetida kichkinagina idish yotganini ko’rdi. Bu o’sha notanish yigit aytgan sovun bo’lsa kerak, uni cho’ntagidan turayotganida tushib qolgandir deb o’yladi, faylasuf. Shu narsani o’yladi-yu, notog’ri hayolga borganidan yuzi qizil tortdi va uni darrov qo’liga oldi.
«Uni shundayicha ketishiga yo’l qo’ya olmayman», — deb o’ylaganicha uni ortidan chopib ketdi.
«Shoshmang!», — deya baqirdi uni bog’ darvozasi yonida ko’rishi bilanoq. Notanish yigitcha to’xtadi.
«Sizni sovuningizni topib oldim, o’tirgan o’rindiq tagiga tushib qolibdi», — dedi Norman. «Uni endi yo’qota ko’rmang, u sizga yaxshi do’st bo’ladi va mana bu pulni ham olib qo’ying, sizga yordam tariqasida», — deb ma’lum miqdorda pul ham uzatdi.
Yigitcha «Rahmat sizga», — deya olgan pullarini tezda cho’ntagiga solib qo’ydi.
«Bu yerda meni manzilim yozilgan tashrif qog’ozim ham bor», — deya davom etdi faylasuf Norman.
«Siz haftaning istalgan kunida qarzingizni qaytarishingiz mumkin», — dedi unga.
Notanish yigit unga yana bir bor rahmat aytib darrov jo’nab qoldi.
«Bu voqea menga juda yaxshi dars bo’ldi», — deb o’ylab Norman bog’ga qaytib kirdi. Boyagi o’tirgan o’rindig’i yonidan o’tayotib, nimanidir qidirayotgan qariya kishiga ro’baro keldi.
Undan «nimanidir yo’qotdingizmi, janob», — deb so’radi Norman.
«Ha, janob, sovun bo’lagini yo’qotibman chog’i», — deb javob qildi qariya.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.