TAʼLIM FORUMI DOIRASIDA IKKI DAVLAT OTMLARI OʻRTASIDA 130 TA SHARTNOMA VA ANGLASHUV MEMORANDUMLARI IMZOLANDI
19.10.2018Jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan “kutilganidan ham samarali oʻtmoqda”, – deya eʼtirof etilayotgan Oʻzbekiston va Rossiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan“Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi” taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Jonli, bahs-munozaralarga boy, samimiy, doʻstona ruhda oʻtgan taʼlim forumi yalpi majlis hamda 4 ta muhim yoʻnalishlar boʻyicha shoʻbalarda ish olib bordi. Ularning har birida taʼlim tizimi liderlari kamida 10 tadan real takliflar bildirishdi.
Ilmiy taʼlim muhitida rus tilining raqobatbardoshlik omili sifatidagi oʻrni keng muhokama qilingan 1-shoʻbada A.S.Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti, Rossiya davlat gumanitar universiteti, Rossiyaning birinchi prezidenti B.N.Yelsin nomidagi Ural federal universiteti, Astraxan davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand davlat universiteti, Fargʻona davlat universitetlari rektorlari soʻzga chiqib akademik almashuvni yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalari, turli sohalarda malakali kadrlar tayyorlash, rus tili va oʻzbek tillarida turli ijtimoiy aksiyalar oʻtkazish, ikki davlat hududida yozgi, qishki til maktablarini tashkil qilish oʻz taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Xususan, A.S.Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti rektori M.N. RUSЕSKAYA oʻz nutqida “forum davomida men oʻzbek ziyolilari tomonidan adabiy rus tilida soʻzlashuvning eng goʻzal namunalarini tinglashga muvofaq boʻldim. Yurtingizda aholining rus tilida ham soʻzlashishi – mamlakat siyosiy irodasining ifodasi, deb bilaman va buni nihoyatda yuksak qadrlaymiz”, – deya fikr bildirdi.
Xususan, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Gʻ.X.Raximov va Rossiyaning Astraxan davlat universiteti, Kurgan davlat universiteti, Nijegorod davlat lingvistik universiteti, Adegey davlat universitetlari rektorlari oʻrtasida anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu esa xorijiy tillarni oʻqitishda tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblangan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining rus tili va adabiyotini oʻrgatish yoʻnalishidagi faoliyatini yanada rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlashda xalqaro akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Taʼlim forumi doirasida ikki davlat OTMlari oʻrtasida 130 ta shartnoma va anglashuv memorandumlari imzolandi.
“Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi” yakunlari boʻyicha qabul qilingan rezolyutsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori A.Abduvoxitov hamda Rossiya rektorlar uyushmasi prezidenti, Lomonosov nomidagi Rossiya davlat universiteti rektori akademik V.Sadovnichiylar taʼlim forumi ikkala davlat uchun ham strategik ahamiyatga ega ekanligi va bu forumni anʼanaviy ravishda tashkil etishning ahamiyati yuqori ekanligini taʼkidlashdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda Rossiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish, birgalikda ilmiy va innovatsion forum hamda qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni forumda bildirilgan real takliflar asosida amaliy harakatlar bilan mustahkamlash rejalashtirildi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.