TALABALAR VA TADQIQOTCHILAR O‘RTASIDA O‘TKAZILGAN ENG YAXSHI MAQOLALAR TANLOVI G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI

08.09.2020

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan ilk marotaba iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” eng yaxshi maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Taqdirlash marosimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi O.Salimov, Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i M.Eshqulov, tanlov g‘oliblari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tanlov yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida o‘tkazildi. 

“Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” eng yaxshi maqolalar tanlovi ilk marotaba o‘tkazilganiga qaramasdan,  talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida ommalashdi. Jumladan, shu yilning yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan tanlovga talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar  tomonidan 400 ga yaqin ilmiy maqola kelib tushdi. 

Tanlovga kelib tushgan maqolalar yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan ekspert guruhlari tomonidan o‘rganib chiqilib, ulardan 39 tasi eng yaxshi maqola deb topildi. Tanlov g‘oliblarining ilmiy maqolalaridan iborat ilmiy to‘plam chop etilib, to‘plam Oliy attestatsiya komissiyasida e’tirof etgan ilmiy nashrlar qatoriga kiritildi.

Shuningdek,  ekspert guruhlari tomonidan tanlov g‘oliblari orasidan maqolasi yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan 10 nafar muallif “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan pul mukofoti bilan ham taqdirlandi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

fourteen + 2 =