TA’LIM ISLOHOTLARI AMALDA: O’ZBEKISTON – YAPONIYA ONLAYN FORUMI

27.11.2019

Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev tomonidan ta’limni yanada yuksaltirish, turli chet davlatlar bilan tajriba alamashish borasida ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar doirasidagi tadbirlardan yana biri 2019-yilning 25-noyabr kuni O’zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo’lib o’tdi. Bu tadbir onlayn forum tarzida bo’lib, unda O’zbekiston tomonidan O’zDJTU, Nagoya universitetining O’zbekistondagi vakolatxonasi, Yaponiya tomondan esa O’zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi, Nagoya universiteti, Nagoya iqtisodiyot universitetidan vakillar aloqaga chiqishdi. Tadbirda O’zDJTUning yapon tilini o’rganuvchi talabalari va professor- o’qituvchilari, Yaponiyada Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar va faoliyat olib borayotgan professor-o’qituvchilar ishtirok etishdi.

Tadbir Toshkent vaqti bilan 12.00 dan 13.00 gacha davom etdi. Webinar o’zbek va ingliz tillarida olib borildi.

Tadbir davomida O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, Yaponiya oliy ta’lim tizimining o’ziga xos xususiyatlari, O’zbekiston – Yaponiya oliy ta’lim muassasalari hamkorligi: bugungi kuni va istiqbollari kabi masalalar borasida suhbat yuritildi. Bungacha bu kabi tadbirlar ko’plab amalga oshirilgan edi, lekin ta’kidlash joizki, bu safargisi qizg’in va savollarga boy bo’ldi. Tadbir davomida Nagoya iqtisodiyot universiteti huquqshunoslik fakulteti professori Alisher Umirdinov tomonidan Yaponiya Meyji davri huquqshunosligi tarjimashunosligining O’zbekiston uchun foydali jihatlari, bu kabi adabiyotlarning tarjimasi, O’zbekistonda yapon tilini o’rganish uchun o’zbek tilidagi qo’llanmalar yetishmasligi to’g’risida fikr yuritib, talabalarga bunday adabiyotlar tarjimasida hamkorlikni yo’lga qo’yishi haqida taklif bildirdi.

Asosiy qism, o’zaro fikr almashinuv jarayoni bo’ldi. Bu jarayonda O’zbekistonlik talabalar Yaponiyadagi talabalarga bir qator, O’zbekiston va Yaponiya ta’lim tizimidagi farqlar, ilk bor Yaponiyaga borgandagi taassurotlar va ularning kelajakdagi O’zbekiston – Yaponiya o’rtasidagi aloqa va hamkorlikni rivojlantirish uchun qanday qilib o’z hissalarini qo’shish kabi qiziqarli savollar bilan murojaat qilishdi. Yaponiyada tahsil olayotgan talabalar esa ta’lim tizimida deyarli farq yo’qligi, ya’ni O’zbekistondagi ta’lim jarayonida ularga malakali o’qituvchilar tomonidan, yapon tili bilan sinxron tarzda Yaponiya madaniyati haqida ko’plab bilim va ko’nikmalar berilganligi sababli hech qanday qiyinchilikka uchramaganligini, ular Yaponiyada o’z bilim va malakasini oshirib qaytgandan keyin kelajakda Yaponiya – O’zbekiston orasidagi turli xil aloqalarni yo’lga qo’yishda, albatta, o’z hissalarini qo’shish maqsadlari bor ekanligini ta’kidlab o’tishdi.

Umuman olganda, tadbir kutilgandan ham ko’tarinki ruhda o’tdi. Tadbir tashkilotchilari bu kabi ishlarni yanada kengaytirish va ularni doimiy tarzda yo’lga qo’yishini aytib o’tdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three − two =