TA’LIM SOHASIDA KUNCHIQAR MAMLAKAT BILAN HAMKORLIK YANGI BOSQICHGA KO‘TARILADI

19.11.2019

O‘ziga xos an’analari, tarixi, madaniyati bilan Yaponiya doim boshqa mamlakatlarni hayratga solgan. Xorijliklar uchun Yaponiya sir-asrorga to‘la g‘aroyib mamlakat. “Quyosh yurti” deb ataladigan bu kunchiqar mamlakatning O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega.

So‘ngi yillarda Yaponiya bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda strategik sheriklik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama parlament, ta’lim, ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-texnik, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik dasturlari ishlab chiqilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Yaponiyaning bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari ham o‘z tarixiga ega.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili 1992-yildan boshlab o‘qitilib kelinmoqda. Ilk bor yapon tili ikkinchi chet tili sifatida tarjimonlik fakultetida ochilgan.

Hozirgi kunda filologiya, ingliz tili filologiyasi, tarjimonlik fakultetlarida o‘qitilmoqda. 1992-2013-yillar davomida universitetda yapon tili ikkinchi til sifatida o‘qitilgan bo‘lsa, 2013-yildan boshlab universitetda 5120100 Filologiya va tillarni o‘qitish (yapon tili) yo‘nalishida birinchi til sifatida o‘qitila boshlandi.

Filologiya fakultetida Yapon tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashkil qilindi. Kafedraning asosiy maqsadi yapon tili, adabiyoti, tarixi, geografiyasi, madaniyati, iqtisodiyoti, siyosatini chuqur egallagan mutaxassislarni, yaponshunoslarni tayyorlashdir.

Bugungi kunda 76 nafar talaba birinchi va 279 nafar talaba ikkinchi til sifatida o‘rganmoqda va magistraturada 10 nafar magistrant tahsil olmoqda. Jami 365 nafar talabaga 8 nafar professor-o‘qituvchi, ulardan 1 nafari yaponiyalik volontyor (Yumiko Abe) yapon tilidan dars olib bormoqda. Kafedrada yapon madaniyati, tarixi, filologiyasiga oid fanlar o‘qitilib, mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Hozirgi kunda kafedra Yaponiya Fondi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekiston–Yaponiya markazi, O‘zbekiston yapon tili o‘qituvchilari uyushmasi hamda Yaponiyaning Xigashikava hokimligidagi OTM va maktablar, Sukuba, Soka va Bunkyo-Gakuen universitetlari bilan turli ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik munosabatlarini olib bormoqda. Hamkorlik doirasida har yili 8-10 nafar talabalar Yaponiyaning ushbu universitetlarida stajirovka o‘tab kelmoqda.

Yaponiyaning JICA tashkiloti volontyor-o‘qituvchilari O‘zDJTUda yapon tilini o‘qitish bo‘yicha ishchi dasturlar yaratish, kalendar rejalar tuzishda yaqindan yordam berib kelmoqda. Talabalar uchun xorijiy tilni bevosita Native speaker orqali o‘rganish imkoniyati mavjud.

Universitetdagi yapon tili o‘qituvchilarining ham malakasini oshirib borishga alohida e’tibor qaratiladi. JICA volontyor-o‘qituvchilari tomonidan universitet yapon tili o‘qituvchilari uchun yapon tili o‘qitish metodikasidan davriy mahorat darslari, seminar-treninglar tashkillashtiriladi.

Bundan tashqari, talabalarni yapon tili bo‘yicha bilim darajasini baholab beradigan xalqaro imtihonlarga, an’anaviy tarzda tashkil etiladigan yapon tili bo‘yicha notiqlik san’ati tanlovlariga muvaffaqiyatli qatnashishlari uchun yaqindan ko‘mak berishadi va muntazam ravishda ular bilan shug‘ullanib borishadi. Buning natijasida talabalar bir necha yillardan buyon yapon tili bo‘yicha notiqlik san’ati tanlovlariga muvaffaqiyatli qatnashib, tanlovning respublika va Osiyo bosqichlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.

Hozirgi kunda O’zDJTU delegatsiyasi Yaponiyaning bir qancha nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari taklifiga binoan kunchiqar mamlakatda bo’lib turibdi. Xizmat safari 18-26-noyabr kunlari davomida bo’lib o’tishi rejalashtirilgan. Tashrif davomida Yaponiyaning Bunkyo-Gakuen, Sukuba, Nagoya, Nanzan, Aichi prefekturasi, Vakayama universitetlari hamda “JTB Corporation” tashkiloti rahbarlari bilan o’zaro uchrashuvlar va muzokaralar o’tkazish, shuningdek, Toyo universiteti bilan hamkorlik to’g’risidagi Memorandumni imzolash ko’zda tutilgan.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 − twelve =