TA’LIMNI RIVOJLANTIRISHGA HISSA QO’SHAYOTGAN NODAVLAT TA’LIM MUASSASALARI

24.02.2022

“New Trend Education” o’quv markazi direktori bilan suhbat

Respublikamizda nodavlat ta’lim muassasalari yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Birgina Toshkent shahrida 3000dan ortiq markaz faoliyat yuritadi. Shunga qaramay, har bir o’quv markaz o’z auditoriyasiga ega. Shuning uchun biz tilga ixtisoslashtirilgan o’quv markazlarining faoliyati bilan qiziqib, suhbatimizni “New trend education” o’quv markazi direktori Qosimov Muhammad Solih bilan boshladik.

  • Markazingiz faoliyatini qachondan boshlagan?
  • Markazimiz 2018-yil ochilgan. Dastlab faoliyatimizni 2-3 fanni o’qitish bilan boshlaganmiz. O’zim arab tili bo’yicha mutaxassis bo’lganim uchun arab tilidan, do’stlarimiz matematika, rus tilidan dars berib, ingliz tili ham bor edi, ishimizni mana shu fanlardan boshlaganmiz. Xudo xohlasa, bu yil kuzda markazimiz faoliyat boshlaganiga 4 yil bo’ladi.

  • Markaz asosan qaysi tillarga yo’naltirilgan?
  • O’quv markazimiz asosan arab, ingliz va rus tiliga yo’naltirilgan. Chunki, aytib o’tganimdek, o’zim arab tili mutaxassisi bo’lganim uchun ham bor e’tiborimni arab tiliga qaratganman. Qolaversa, rus va ingliz tillarini o’rganish hozirgi kun talabi. Lekin markazimizda qo’shimcha ravishda turk, koreys va nemis tillari ham o’qitishni yo’lga qo’yganmiz.

  • O’qituvchilar kim? Ularni ishga qanday qilib (qaysi mezonga ko’ra) tanlab olasiz?
  • O’qituvchilarimizning toifalari har xil. Masalan, rus tili, biologiya yo’nalishlarida magistraturani bitirgan o’qituvchilarimiz o’zlarining kuchli bilim, salohiyatlari bilan ajralib turadi. Bundan tashqari bakalavrni tamomlagan hamda bakalavr darajasini yakunlash arafasidagi o’qituvchilarimiz ham bor.
  • O’qituvchilarni ishga olishda birinchi navbatda ularning dars bera olish qobiliyatiga qaraymiz. O’qituvchilarning bilim darajasi yuqori bo’lishi kerak, shu bilan birga bor ilmini qanday qilib o’quvchilarga yetkazib bera olishi muhim. Chunki, o’quvchilarning fe’li har xil bo’ladi. Qaysidir o’quvchi fanni oson o’zlashtirsa, boshqasi qiyinchiliklarga duch keladi. Qolaversa kimdir qattiqqo’llik tarafdori bo’lsa, yana kimgadir yaxshi gapirib dars o’tish kerak. Shuning uchun, o’qituvchilarni ishga qabul qilishda ularning oldingi faoliyati, pedagoklik mahorati va salohiyatiga katta e’tibor qaratamiz.

  • O’quvchilar ichida ko’proq qaysi tilga qiziqish kuchli?
  • O’quvchilar asosan ingliz tili, arab tiliga qiziqish kuchli. Faqatgina O’zbekistonda emas, balki, boshqa mamlakatlarda ham shu ikki tilga nisbatan qiziqish kuchli, deb o’ylayman. Bundan tashqari koreys tiliga ham qiziqish tobora ortib boryapti. Turk tili ham shu qatorda. Lekin bizning auditoriyamiz arab va ingliz tili ko’proq talab qiladi.

  • Qanday darsliklardan foydalanasiz? Maktab darsliklaridan foydalanasizmi yoki o’zingizning alohida pragrammangiz bormi?
  • Albatta, abiturientlarni kirish imtihonlariga tayyorlashda biz maktab darsliklaridan foydalanamiz. Lekin til kurslari uchun alohida o’quv rejalarimiz bor. Darsliklarni guruhning qobiliyatiga qarab tanlaymiz.
  • Markazingizning boshqa markazlardan farqi nimada deb o’ylaysiz?
  • Boshqa markazlardan farqini aytadigan bo’lsak, birinchi o’rinda joylashuvi avtomobil yo’lidan biroz ichkarida. Bu narsa dars jarayoniga halal beradigan omillardan biri – shovqin bo’lishini oldini oladi. O’qituvchi va o’quvchilar tinch muhitda, chalg’imasdan, osonroq dars olib borishadi.
  • Qolaversa, o’quv markazlarga qo’yiladigan talabga mos ravishda bizning markazimiz ikkinchi qavatda joylashgan. Xonalarimiz keng va yorug’ hamda zamonaviy texnik jihozlangan. O’quvchining ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar bor. Markaz tashqarisidagi maydon o’quvchilar bilan interfaol usullarda ochiq dars o’tish yoki sport mashg’ulotlarini o’tkazish uchun juda qulay.

Shuningdek, markaz ichida kutubxona tashkil qilganmiz. O’quvchilar o’zlari xohlagan biror kitobni markaz kutubxonasiga taqdim qilish orqali kutubxonaga a’zo bo’lishlari va undagi kitoblardan foydalanshlari mumkin. Farzandining darsdan chiqishini kutib o’tiradigan ota-onalar uchun ham kitob mutolaasi foydali, albatta!

  • Erishgan yutuqlaringiz?
  • Shu 4 yil ichida qariyb uch mingdan ortiq o’quvchilarni o’qitdik, abiturientlarni davlat imtihonlariga tayyorladik. O’tgan yili matematika yo’nalishi bo’yicha tayyorlangan 95% abiturientlarimiz talabaga aylandi. Turk tili yo’nalishida bizda ta’lim olgan o’quvchilarning ba’zilari shartnoma, ba’zilari grand asosida Turkiya oliygohlariga o’qishga kirdi.
  • Arab tili o’quvchilarimiz CEFR imtihonini topshirib, B2 darajali sertifikatlarni qo’lga kiritdi. Xabaringiz bor, bu hujjat o’quvchilarga oliy ta’lim muassasalarida imtihonsiz maksimal ball olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, o’zimizda til o’rganib ketgan o’quvchilar bugungi kunda markazimizda dars berishyapti. Markazimiz dastlabki faoliyatini kichikroq joyda boshlagan bo’lsa, hozirda u oldingi joyidan uzoq bo’lmagan joyga – xususiy sektorga ko’chib o’tib, faoliyatimizni kengaytirdik.

Loyiha tashkilotchisi Gulmira Shukurovna va suhbatga rozilik bildirib, alohida vaqt ajratgani uchun “New trend education” o’quv markazi direktoriga minnatdorchilik bildiramiz!

Muhammad Olim Nuriyaxonim Ulug’bek qizi
O’zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti
talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × 2 =