TIL O’RGANISH UCHUN 10 SABAB

02.04.2021

1. Muloqot!

Insoniyatga berilgan eng katta imkoniyatlardan biri bu — muloqot qila olish qobiliyatidir, nutq orqali siz har qanday hodisaga o’z fikringizni, munosabatingizni bildira olasiz. Ayniqsa, ikki va undan ortiq tillarni bilish  dunyoning  qaysi burchagida bo’lishingizdan qat’i nazar, nafaqat istalgan joyning odamlariga, balki uning atrof-muhiti, urf-odatlariga ham moslashishingizga yordam beradi. Natijada siz o’sha jamiyatning bir bo’lagiga aylanish bilan birga, mustahkam do’stlik rishtalarini ham bog’laysiz.

2. Harakatdan to’xtamang!

Darhaqiqat, til bilish mahorati sizni boshqalardan ancha farqlovchi jihatdir. Hozirgi kunda ko’p tillarni egallagan mutaxassislarga talab kundan kunga keskin oshib ketayotgani hammamizga ma’lum.  Umuman olganda, buning uchun sizning kasbingiz yoki malakangiz darajasi qanday bo’lishining ahamiyati yo’q, muhimi sizda tillarni mukammal bilish ko’nikmasi yuqori darajada bo’lishi kifoya. Ma’lumot o’rnida aytish joizki, 2010-yildan 2015- yilgacha AQShda ikki tilli nomzodlarga mo’ljallangan ish o’rinlarini e’lon qilish soni ikki baravar ko’paydi. Bu esa ish beruvchi tadbirkorlar yangi va rivojlanayotgan dunyo bozorlarida o’z mahsulotlarini brendga aylanishtirishida, turli madaniy aloqalarda va o’zaro muzokaralarda qo’l kelmoqda. Ko’p hollarda, tilni bilish ham boshqa kasblardan farqli o’laroq, qo’shimcha daromad manbai hisoblanadi.

3. Fikrlashni boyitadi

Bir nechta tillarda so’zlasha oladigan odamlarning xotirasi, muammolarni hal qila olish va tanqidiy fikrlash qobiliyati boshqalarnikidan ancha yaxshi bo’ladi va shu bilan birgalikda, ular tez diqqatini jamlay olishlari, bir vaqtning o’zida ko’p vazifalarni bajara olishlari va yaxshi tinglay olishlari bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Til o’rganishning yana bir afzalligi shundaki, chet tilini biladigan odamlarda “aqliy qarish” jarayoni sekinroq kechadi. Bunday odamlar yon-atrofda yuz berayotgan hodisalarni tez va yaxshi tahlil qila oladilar.

4. Boshqa madaniyatlar bilan yaqin aloqa

Til boshqa madaniyatlar bilan bizni o’rtamizdagi iliq munosabatlarni shakllantirishda, qalblarni yaqinlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqa tilda muloqot qilish imkoniyati bizni ushbu til bilan bog’liq bo’lgan urf-odatlar, dinlar, san’at va tarixga bo’lgan munosabatni ochib berib, ruhiyatimizni tarbiyalashga yordam beradi. O’z navbatida, boshqa til va din egalarini his-tuyg’ularini, ularning ichki kechinmalarini bilish imkoniyati borligi ham til bilishning yana bir ijobiy tomonidir.

5. Dunyoqarshingizni boyiting

Mahalliy so’zlovchi sifatida chet elga sayohat qilish — katta burilish. Bir tilli sayohatchilar faqat o’zlari bilgan til doirasidagi joylarda sayohat qilishlari mumkin bo’lsa, aksincha bir nechta tillarni biladigan sayyohlar imkoniyati ancha kengroq va chet elda o’qish yoki ishlash uchun qo’shimcha daromad manbai hamdir. 

6. Ma’lumotlardan foydalaning!

Dunyoda olti mingdan ortiq tillar mavjud bo’lib, biz ba’zan tarjimaga ehtiyoj sezamiz: kamida bitta qo’shimcha tilda gaplasha olish bizga no’malum bo’lgan ma’lumotlar haqida xabardor bo’lish imkoniyatini beradi. Masalan, boshqa tillarni yaxshi biladigan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar orqali barcha sohalarda fikr almashishlari, bahs-munozara olib borishlari va vaziyatni baholay olishlari mumkin bo’ladi.

7. Ko’p tillarni egallash

Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, ikkinchi tilni o’rganish nafaqat so’zlashuv madaniyatimizni, balki lug’at boyligimizni ham oshiradi. Bu bilan siz uchinchi tilni o’rganishda hech qanaqa qiyinchiliklarga duch kelmaysiz. Qo’shimcha tillarni o’rganish, ayniqsa, yosh bolalarda oson va tez o’zlashtiriladi.

8. Kuchli ishonch

Har qanday til o’rganish vaqtida yoki tinglovchilar oldida so’zlashayotganda xatolarga yo’l qo’yishingiz, albatta, tabiiy hol. Ammo o’zingizga bo’lgan kuchli ishonch o’quv jarayonining zaruriy qismidir! Til o’rganish degani – bu siz har qanday joyda har qanday suhbatdoshingiz bilan erkin muloqot qilishingizdir. Bunda siz suhbatlashayotganda ajoyib muvaffaqiyat ishonchini his etasiz.

9. Qaroringizni mustahkamlang!

Tadqiqotlarga ko’ra, ikkinchi tilda qabul qilingan qarorlaringiz o’z ona tilingizda qabul qilingan qarorlarga qaraganda ko’proq sabablarga asoslanadi. Keng tarqalgan taxminlardan farqli o’laroq, biz ikkinchi yoki uchinchi tilda gaplashganda, ona tilimiz bilan bog’liq bo’lgan hissiyotlarimizdan va tarafkashliklardan uzoqlashamiz. Natijada dalillarga asoslangan tizimli va aniq qarorlar qabul qilamiz.

10. Shaxsiyatni shakllantirish

Tabiiyki, biz yangi til va madaniyatni o’rganish vaqtida, o’zimizga eng yaqin va tanish bo’lgan narsalar bilan taqqoslaymiz. Ya’ni o’z madaniyatimiz orqali boshqa madaniyatning ijobiy va salbiy tomonlarini yoki ularning noodatiy bo’lgan jihatlarini bilib olamiz. O’zga til vakillarinining qaysidir urf- odati bizga yaqin bo’lsa, qaysilaridir umuman yot. Umuman olganda, til orqali biz o’zimizga madaniy va ma’naviy ozuqa olamiz.

Maqola https://www.leadwithlanguages.org/ saytidan olindi.

Javliyeva Nilufar tarjimasi
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 5 =