TIL O’RGANISHDA ODATIY USULLARDAN ZERIKDINGIZMI? KOMIKSLARNI SINAB KO’RING!
20.09.2024Yangi til o‘rganish ko‘p vaqt va mashaqqat talab qiladigan jarayon ekanligini hamma biladi. Ushbu jarayon murakkab grammatik tuzilmalarni o’rganish, ko‘p takrorlash va yodlashdan iborat. Bu ikkinchi tilni o‘rganish uchun ishlatiladigan eng standart usullardan biri bo‘lsa-da, u ba’zan juda zerikarli bo’lishi mumkin. Agar siz yangi tilni o‘rganish haqida o‘ylayotgan bo’lsangiz, lekin an’anaviy darslar siz uchun zerikarli tuyulaotgan bo’lsa, komikslar sizga yordam berishi mumkin.
O’ziga xos uslubda chizilgan va muayyan hikoyaga asoslangan rasmli roman, ya’ni komikslar qiziqarli syujeti va rang-barang hikoyalari bilan bugungi kunda millionlab o’quvchilar e’tirofiga sazovor bo’lmoqda. Ushbu illustratsiyali ajoyib kitoblar nafaqat qiziqarliligi bilan, baki til o’rganishdagi ahamiyati bilan hatto kichik yoshdagi bolajonlarni ham o’ziga jalb qilib kelmoqda. Keling siz bilan komikslar orqali qanday qilib til o’rganish jarayonini maroqli qila olishimizni ko’rib chiqamiz.
Tadqiqotlar natjasida yaponiyalik talabalar manga va komikslarni tilni mashq qilish uchun eng yaxshi usullardan biri deb tan oldilar (manga – yapon komiksi boʻlib, XIX asr oxirida Yaponiyada shakllangan uslubda chiziladi. Yaponiyada manga juda ommalashgan.).
Komikslarni o’rganayotgan tilingizda o‘qishning eng yaqqol afzalligi shundaki, har bir matn bo‘lagi tasvir bilan birga keladi. Matn nimani anglatishini bilib olish uchun rasmli illustratsiyalardan foydalanishingiz mumkin. Agar siz vizual o‘rganuvchi bo‘lsangiz nur ustiga a’lo nur. So‘zlarni tasvirlar bilan birga o‘qish notanish so‘zlarning ma’nosini lug‘atdan foydalanmasdan taxmin qilish imkonini beradi, bu esa xotira uchun ajoyib mashqdir.
Ularda ko‘pincha romanlar yoki rasmiy yozma materiallarga qaraganda soddaroq lug‘at va jumla tuzilmalaridan foydalaniladi, bu esa til o‘rganishni yaqinda boshlaganlar yoki boshlash arafasidagilar uchun ayni muddaodir. Ushbu ajoyib kitoblarni o‘qir ekansiz, siz zamonlar, gap tuzilishi va savollarni shakllantirish kabi oddiy grammatik jihatlarni o’rganib olishingiz mumkin.
Shuningdek, ular keng tarqalgan frazeologizmlar, metaforalar va jargonlarga to‘la bo‘lib, sizni darslarda tez-tez o‘qitiladigan haddan tashqari rasmiy dialekt o‘rniga kundalik hayotda foydalanishga qulay so’zlar to’plami bilan ta’minlaydi. Bu o’rganganlaringiz orqali sevimli komikslaringiz qahramonlaringiz tilidan o‘z dialogingizni yaratish esa ajoyib o‘quv mashg‘uloti bo’la oladi. Bundan tashqari, mavzular va janrlar xilma-xilligi o’quvchiga o’z qiziqishlariga mos materiallar tanlashiga imkon beradi. Bu degani siz istasangiz til o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan komikslarni yoki biror-bir sevimli filmingiz, multfilmingiz asosida yaratilgan komikslarni o’qishingiz mukin. Bu esa til o’rganish jarayonini yanada qiziqarli qiladi.
Yana bir jihatni aytib o’tishim kerakki, manga va komikslar xalqlararo madaniyatga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Ular madaniy, tarixiy va ijtimoiy ma’lumotnomalar va tarixiy qahramonlar tilidan aytilgan bir-biridan qiziqarli afsonalarga boy. Komikslar kabi ko‘ngilochar vositalar haqiqatan ham madaniyatning qalbini unda yashamasdan yoki mahalliy odam bilan vaqt o‘tkazmasdan turib ko‘rishning, his qilishning yagona usullaridan biridir.
Tabiiyki, til o‘rganishning bu shakli o’ziga yarasha kamchiliklarga ham ega. An’anaviy darslardan farqli o‘laroq, komikslar grammatika, konyugatsiya, va rasmiy til ifoda uslublarini o‘rgatmaydi. Agar o‘quvchi notanish so‘zlarni tushunish uchun faqat kontekstdan foydalansa, ba’zi holatlarda u so‘zning ma’nosini noto‘g‘ri talqin qilishi va keyinchalik uni noto‘g‘ri ishlatishi mumkin. Shuningdek bu usul bilan o’quvchining til bilish darajasi yuqorilaganidan so’ng murakkab grammatik tuzilmalar bilan bog’liq muammolarga duch kelishi mumkin.
Lekin shuni aytishim mumkinki, agar siz zerikarli usullar tufayli til o’rganishdan voz kechmoqchi bo’lsangiz, tilning ko‘proq og’zaki nutq bilan bog’liq jihatlarini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz va yoki siz vizual til o’rganuvchi insonlar qatorida bo’lsangiz, komikslar siz uchun qiziqarli va ko‘ngilochar muqobil variant bo’la oladi.
Jalilova Nilufar
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti,
Xalqaro jurnalistika fakulteti, 4-bosqich talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.