TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTIDA YAPONSHUNOSLIK FAKULTETI TASHKIL ETILDI

05.12.2019

2019-yil 4-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakultetining rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Jahon miqyosida yetakchi o‘rinni egallab turgan kunchiqar o‘lka – Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar kechayotgan davrda yaponshunoslik sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash va yetishtirish kabi dolzarb vazifani amalga oshirishda ToshDShIda maxsus yaponshunoslik fakultetining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, yangi fakultetning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fudjiyama Yoshinori janoblari va boshqa fan-ta’lim doiralari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda yapon tilini o‘rganish bo‘yicha dunyodagi eng faol davlatlardan biri sanalmish O‘zbekistonda yaponshunoslik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi o‘rinni egallaydi. 1992-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda yapon tilini o‘qitish bo‘yicha ochilgan birinchi o‘quv maskani sanaladi.

Oxirgi yillarda ToshDShIda yaponshunoslik sohasida qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari yangi fakultet shakllanishiga asos bo‘ldi va shu munosabat bilan, ToshDShIning Xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi filologiya fanlari doktori, professor R.Xodjayevaning ToshDShI tayanch doktoranti G.Qosimova bilan hammualliflikdagi “Yapon adabiyotida zamonaviy yo‘nalishlar va oqimlar” nomli o‘quv qo‘llanmasi nashr qilindi hamda ToshDShIda nashr qilinadigan “Sharq mash’ali” ilmiy jurnalining navbatdagi soni maxsus yaponshunoslikka bag‘ishlandi. Unda yapon tilshunosligi, adabiyotshunosligi, tarixshunosligi, tarjimashunosligi, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar, Yaponiyaning tashqi siyosati va xalqaro munosabatlari, shuningdek, Yaponiya iqtisodiyotiga oid 20 dan ziyod ilmiy maqolalar jamlangan. Juda ko‘p sohalar qatori ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi bunday sa’y-harakatlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

ToshDShIda yangi fakultetning tashkil topishi yaponshunoslik bo‘yicha o‘quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarini bir yerga to‘plash hamda ushbu soha yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish imkoniyatini berish bilan bir qatorda, o‘zbek yaponshunosligini yangi, mustahkam pog‘onaga ko‘taradi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

five × five =