TOSHKENTDA “TAʼLIM VA MUTAXASSISLIK” XX XALQARO KOʻRGAZMASI BOSHLANDI

30.03.2019

Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “Taʼlim va mutaxassislik” XX xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

Koʻrgazma ikki yoʻnalishda, yaʼni taʼlim va bandlik yoʻnalishlarida tashkil etildi. Unda AQSH, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari va ularning mamlakatimizdagi filiallari, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari, xorijda taʼlim olishga koʻmaklashuvchi tashkilotlar, nodavlat taʼlim muassasalari hamda oʻquv kurslari ishtirok etdi.

Koʻrgazma doirasida bandlikka koʻmaklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi” tashkil etilib, unda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ham ishtirok etdi.

Mamlakatimizdagi hamda dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida mavjud boʻlgan kasb va mutaxassislik yoʻnalishlari bilan yoshlarni tanishtirish, kasb tanlashga koʻmaklashish, boʻsh ish oʻrinlari haqida yoshlarga maʼlumotlar berish, ularning bandligini taʼminlashga yordam berish koʻrgazmaning asosiy maqsadidir.

Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan bepul toʻgaraklar va oʻquv kurslarida taʼlim olish toʻgʻrisidagi taqdimotlar ishtirokchi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Koʻrgazmada yoshlar, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey oʻquvchilari, abituriyentlar, talabalar, ularning ota-onalari, oʻquv muassasalarining vakillari va barcha qiziquvchilar ishtirok etmoqda.

Manba: uza.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

1 × two =