“TURKIY XALQLAR TARIXIDA TURKISTONNING OʻRNI” MAVZUSIDA XALQARO KONFERENSIYA OʻTKAZILDI
06.12.2023Joriy yil 5–6-dekabr kunlari oʻtkazilgan anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad Turkiy xalqlarning ming yilliklar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq oʻrganish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, geografik oʻtmishini talqin qilish, milliy-madaniy oʻzligiga tayanib, mushtarak tarixini, birlik va qardoshlik gʻoyasiga xizmat qiladigan manbalarni yaratish hamda kelajak avlod uchun yetkazib berishdan iborat.
Turkiy davlatlar tashkiloti, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Turkiy davlatlar geografik kengashi hamkorligida tashkil etilgan konferensiya ishida Turkiya, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirni Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyev, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov, Istanbul Ticaret universiteti rektori Abdülhamit Avşar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo kirish soʻzi bilan ochib, xalqaro konferensiyaning bugungi kundagi tarixiy ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdilar.
Xalqaro konferensiya “Turkistonda siyosat va boshqaruv, Turkiy davlatchilik anʼanalarining asoslari”, “Turkistonda ilm-fan va madaniyat yoxud Oʻrta asr klassik Islom madaniyati timsolida Movarounnahr”, “Turkistonning meʼmoriy obidalari va sanʼati”, “Turkistonning Turkiy va mintaqa xalqlari hayotidagi oʻrni va ahamiyati”, “Turkiston va Turkiy dunyo” kabi yoʻnalishlarda oʻz faoliyatini olib bordi.
Buyuk mutafakkir olim Imom Buxoriyning “Ilmdan boshqa najot yoʻq” shiori ostida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya ishtirokchilari Turkiston tarixi va turkiy xalqlarning madaniy boyligini ilmiy jihatdan oʻrganish imkoniga ega boʻldilar. Eng eʼtiborga molik jihati, konferensiya turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning tilida oʻtkazildi.