TURKIYADA ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETINING MARKAZI OCHILDI

08.02.2024

2024-yilning 8-fevral kuni Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Markazning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov barcha marosim ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Jumhuriyati Prezidenti Rejeb Toyyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi.

U shuningdek, yaqin orada O‘zbekistonda ham Turkiyaning Yunus Emro fondi vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ham ma’lum qildi.

Ochilish marosimida TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Bursa Uludag‘ universiteti rektori Ferudun Yilmaz, Turkiya Milliy ta’lim vazirining o‘rinbosari Jelile Eren O‘kten, Turkiyadagi O‘zbekiston elchisining siyosiy ishlar maslahatchisi Avazbek Hojimetov, butun dunyodan yig‘ilgan atoqli navoiyshunos va turkolog olimlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Bu markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan ta’minlanadi. Qolaversa, markaz ikki universitet o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz, Turkiya yoshlari O‘zbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida keng ma’lumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, markaz ramziy ma’noda Alisher Navoiy orzu qilgan birlashuv g‘oyasining amaldagi bir ko‘rinishi bo‘ladi, deyish mumkin.

Batafsil ma’lumot.