TURKIYADA O‘ZBEK TILIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR BO‘LIB O‘TDI

15.10.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorini amalga oshirish doirasida mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TYuRKSOY) bilan hamkorlikda mazkur mavzuga bag‘ishlangan ommaviy-madaniy tadbir o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Turkiyaning akademik, madaniy-gumantar doiralari vakillari, TYuRKSOY tashkilotining ekspertlari, Anqaradagi o‘zbek diasporasi a’zolari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar, jumladan, TYuRKSOY Bosh kotibi Dusenbay Kasseinov Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘lishini alohida nishonlash to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyati ekanligini ta’kidladi.

E’tirof etildiki, o‘ttiz yil oldin qabul qilingan qonun o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish, ushbu tilning yuksak maqomini ta’minlash bilan tarixiy ahamiyat kasb etgan. Shu o‘rinda ta’kidlandiki, hozirgi kunda o‘zbek tili mamlakat hayotining barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Turkiyada ham o‘zbek tiliga turkiy tillar oilasida alohida o‘rin va mavqega ega muhim bir vosita sifatida katta e’tibor berilayotgani, Anqara universiteti va boshqa qator oliy ta’lim muassasalarida mazkur til o‘qitilishi va o‘rganilishi e’tirof qilindi. Turkiyaning Til tashkiloti, mamlakatning O‘zbekistondagi Elchixonasi, TIKA agentligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga texnik yordam berilayotgani ham e’tiborga olindi. Turkiyaning Til tashkilotida o‘zbek tiliga oid qator zamonaviy kitoblar chop etilgani, o‘zbek adabiyoti namoyondalarining asarlari turk tiliga tarjima qilinayotgani aytib o‘tildi.

Tadbir doirasida Turkiyaning til tashkiloti, Anqara universiteti va ushbu mamlakatdagi o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazish, “O‘zbek tilining do‘stlari” klubini tashkil etish haqida kelishib olindi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 + 2 =