UMUMIY O‘RTA TA’LIM MAKTABLARIDA NEMIS VA FRANSUZ TILINI O‘RGATISH TAKOMILLASHTIRILADI

21.06.2019

So‘nggi yillarda nemis va fransuz tilini o‘rganish bo‘yicha avvalgi salbiy tendensiya ijobiy tomonga o‘zgardi. Natijada nemis tilini chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar soni 4 tadan 9 ta yetdi. Nemis tili o‘rgatadigan maktablar soni 54 taga ortib, umumiy 1677 taga, shuningdek bu tilni o‘rganayotgan o‘quvchilar soni 14,5 mingga ortib, 355 mingga yetdi. 

Fransuz tili o‘rgatadigan maktablar esa 44 taga ortib, umumiy soni 1187 taga, fransuz tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni esa 7,8 mingga ortib, 234,7 mingga yetdi.

Lekin so‘nggi 10 yil tahlil qilinganda, asosan ushbu tillarni o‘qitadigan maktablar soni ham, o‘quvchilar soni ham kamayib borgan. Ta’kidlash joizki, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish zamon talabidir. Ma’lumki, dunyo aholisining ko‘pchiligi nemis va fransuz tillarida  so‘zlashadi. Bu tillar Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng asosiy tillaridan hisoblanadi.

Oxirgi 2 yil davomida O‘zbekistonning tashqi siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, Fransiya va Germaniya davlatlari bilan har tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, mamlakatimiz rahbarining Fransiya va Germaniya davlatiga, shuningdek, Germaniya Prezidentining yurtimizga tashrifi davomida imzolangan o‘zaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha shartnomalar buning yaqqol isbotidir.

Yurtimizda yoshlarning chet tillarini o‘rganishga qiziqishini oshirish orqali kelgusida malakali kadrlarni hamda yaqin kelajakda iqtisodiyotning turli sohalarida faol xizmat qiladigan yetuk mutaxassislar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlandi.

Qaror loyihasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida nemis va fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda o‘quv dasturlarini takomillashtirish asosiy maqsad sifatida belgilanmoqda. 

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda nemis va fransuz tillarining chuqur o‘qitilishi tashkil etadi.

O‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish, har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishni maktabning asosiy maqsadlari sifatida belgilash rejalashtirilmoqda.

Maktabga yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali o‘qituvchilar jalb qilinadi.
Ta’lim muassasasi iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar, boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlaydi.

Bundan tashqari, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, so‘nggi 10 yil davomida nemis va fransuz tili o‘qitilishi to‘xtatilgan yoki boshqa xorijiy tillarga almashtirilgan ixtisoslashtirilgan maktablarda nemis va fransuz tillarini o‘qitilishini qayta yo‘lga qo‘yish hamda har bir hududda bittadan nemis va fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktablar tayanch maktab sifatida belgilanadi. 
Nemis va fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘quv rejasi ishlab chiqiladi.
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab nemis va fransuz tili fani o‘qituvchilari uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Shu bilan birga nemis va fransuz tillari bo‘yicha o‘qituvchilarni qayta tayyorlash istisno tariqasida bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2019-2020 o‘quv yilidan boshqa xorijiy tillar o‘qitilayotgan ixtisoslashgan maktablarda nemis va fransuz tillari ikkinchi til sifatida joriy etiladi.

Ixtisoslashgan maktabning 11-sinf bitiruvchilariga xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra nemis tilini xorijiy til sifatida bilish darajasi bo‘yicha Germaniyaning TestdAF (Test deutsch als fremdsprache) va fransuz tili bo‘yicha xalqaro imtihon natijalari bo‘yicha Fransiyaning TestDElF (Diplome d’etudes en langue Francaise) diplomlarini berishga ruxsat etiladi.

Manba: uzedu.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 1 =