VAZIRLIK RAHBARLARI BUYUK BRITANIYADA TAHSIL OLAYOTGAN TALABALAR BILAN UCHRASHDI
28.05.2024Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov Britaniyaga tashrifi davomida mamlakatimiz elchixonasida ushbu davlatda tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda Britaniyaning Kembrij, London kollej universiteti (UCL), Qirolicha Meri universiteti (Queen Mary University), Reding, Brunel, Vestminister va boshqa oliygohlari turli mutaxassisliklarda tahsil olayotgan 50 nafardan ziyod talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan bugungi kunda 120 nafar stipendiat Buyuk Britaniyaning global akademik reytinglarda TOP-300 talikka kirgan nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olmoqda.
Muloqot davomida vatandoshlarning ta’lim jarayoni va boshqa masalalarga oid savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
Ochiq muloqot yakunida talabalar va vatandoshlar uchun O‘zbekiston madaniyati, tarixi, oliy ta’lim tizimi, davlat tili va boshqa yo‘nalishlardagi qiziqarli savollardan iborat zakovat o‘yini o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan talabalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri nomidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.