Joriy yil 13-sentabr kuni Vebster universiteti (AQSh) Prezidenti Elizabet Strobl xonim O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad Vebster universitetining Toshkent shahridagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi faoliyati bilan tanishish, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayonini tashkil etilishi yuzasidan fikr almashish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati bilan hamkorlikdagi faoliyatni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Tashrifning birinchi kuni Elizabet Strobl xonim Vebster universitetining Toshkent shahridagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish markaziga tashrif buyurdi hamda markaz rahbariyati, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Savol-javoblar shaklida o‘tgan ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi. Jumladan, Vebster universitetida ta’lim jarayonining o‘ziga xosliklari, ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar xususida ma’lumot berildi.
Shundan sung Elizabet Strobl xonim ommaviy-axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilib, o‘zining markaz bilan tanishish davomida olgan taassurotlarini bayon qildi. Mehmonlar markazda yaratilgan shart-sharoitlar bugungi kun talablariga javob berishini hamda talaba-yoshlarga sifatli ta’lim berish imkoniga ega ekanligini ta’kidladilar.
Kunning ikkinchi yarmida Elizabet Strobl xonim va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Madjidov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, AQSh professor-o‘qituvchilarini markaz ta’lim jarayoniga kengroq jalb qilish, o‘zbekistonlik talabalarni AQShdagi Vebster universitetida tahsil olishlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Elizabet Strobl xonim O‘zbekiston universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish istagida ekanligini bildirdi.
Manba: edu.uz
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.