VENGRIYA BILAN XALQARO HAMKORLIK YANADA RIVOJLANMOQDA

06.05.2022

Endilikda 170 nafar talaba Vengriyada ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto hamraisligida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining yuqori darajadagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegasiyasi tarkibida vazir A.Toshqulov ham qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Vengriya vakillari savdo-iqtisodiy, bank-moliya va madaniy-gumanitar, shu jumladan oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Yig‘ilish davomida Vengriya O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik o‘rnatgan eng birinchi Yevropa davlati ekanligi alohida qayd etildi. 

Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro aloqalarga to‘xtalib, 2021 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Vengriya rektorlar forumi ushbu sohadagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taganini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, Vengriyaning Debresen universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim dasturlarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga joriy etish kabi masalalarda ham o‘zaro fikr almashildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolari uchun Vengriya tomonidan har yili ajratib kelinayotgan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

 Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda imzolangan tegishli memorandumga ko‘ra, Vengriya hukumati tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy ta’lim muassasalarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun yiliga jami 100 tadan ta’lim grantlari ajratib kelinmoqda edi.

Hujjatlarni imzolash marosimida yuqoridagi kelishuvga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. Toshqulov va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri P. Siyyarto “2020-2023-yillarda Vengriya stipendiyalari (“Stipendium Hungaricum”) dasturi doirasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida bayonnoma”ni imzoladilar.

Unga ko‘ra 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, Vengriya tomonidan har yili ajratilayotgan ta’lim grantlari soni 100 tadan 170 taga ko‘paymoqda.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

eighteen − six =