XORIJDA TAHSIL OLISHNING QANDAY AFZALLIK VA KAMCHILIKLARI BOR?

09.06.2023

Hozirda ko’plab yoshlar chet elda o’qishga, dunyo ko’rishga va xalqaro maydonda karyera qilishga qiziqadi. Bu borada chet el universitetlari, ayniqsa, Yevropa va Amerika oliygohlarining o’qitish sistemasi, ularning o’z talabalariga taqdim etadigan katta imtiyoz, sharoitlari ko’pchilikni lol qoldiradi hamda aynan shu jihatlar dunyo bo’ylab talabalarning mazkur universitetlarga hujjat topshirishiga sabab bo’ladi. Albatta, tanganing ikki tomoni bo’lgani kabi chet elda o’qishning ham o’ziga yarasha afzalliklari bilan bir qatorda mashaqqatli taraflari bor va biz hozir siz bilan shu haqida gaplashamiz.

XORIJDA O’QISHNING AFZALLIK TOMONLARI

Avvalo, chet elda o’qishning afzallik tomonlari haqida gapiradigan bo’lsak, ular son sanoqsiz:

Birinchidan, xorij universitetlarida shaxsiy potensialdan maksimal darajada foydalanishga alohida e’tibor beriladi, ya’ni talabalar ma’lum bir qolipga solinmaydi va bu sizga haqiqiqiy o’zingizni kashf qilish imkonini beradi.

Ikkinchidan, siz yangi mamlakat, yangicha madaniyat va dunyoqarashi siznikidan ancha farq qiladigan turli insonlar bilan tanishasiz, bu esa sizning dunyoqarashingiz kengayishiga yordam beradi va siz olamga boshqa tarafdan nazar solishni boshlaysiz.

Uchinchidan, siz bu universitetlardan katta miqdorda stipendiya olishingiz, to’liq budjet hisobidan o’qishingiz va ta’limning barcha moliyaviy tomonlari qoplanishi mumkin, hatto agar siz kontrakt asosida o’qishga kirsangiz ham semestrlar davomida budjet hisobiga o’tishingiz va eng yuqori darajali stipendiyalarga sazovor bo’lishingiz mumkin. Bu degani, sizning salohiyatingizga qarab yo oliygoh sizning barcha ta’lim xarajatlaringizni qoplab beradi yoki siz kontrakt asosida o’qishingiz mumkin.

Bundan tashqari, chet el universitetlari juda mehmondo’st deb ayta olamiz, ular har bir talabasini ultrakomfort yotoqxona bilan ta’minlaydi, chunki bunday nufuzli universitetlar talabalari asosan chet el fuqarolari bo’ladi. Ayrim universitetlar kampusida talabalar uchun bepul do’konlar va ovqatlanish joylari tashkil etilgan.

Havas qilarlisi, tahsil olish davomida siz kurs ishlari, diplom ishlari va  shu kabi  ilmiy ishlarda haqiqiy ilmiy ish qilasiz, ko’chirmachilik emas! Va albatta, bu ishlar uchun universitet sizga mablag’ va vaqt ajratadi, asosiysi, siz bu paytda ilmiy ishingizga aloqador barcha dunyo olimlari va tadqiqotchilari bilan muloqotga kirishish imkoniyatiga ega bo’lasiz.

Ko’plab chet el universitetlari o’z talabalariga o’qish davomida va undan keyin ham ish topishga yordam beradi. Universitetni tamomlaganingizdan so’ng sizga, albatta, maxsus  hamda muqobil variantlar beriladi, chunki har bir universitetning ma’lum sohadagi yirik kompaniyalar, ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalari bo’ladi, bu esa sizga karyerangizni nufuzli kompaniya va servislarda boshlash imkonini yaratadi.

Eng asosiysi, siz o’z sohangizning haqiqiy mutaxasisi bo’lib yetishasiz, chunki bu darajaga yetmaguningizcha universitet sizga diplom bermaydi.

Umuman olganda, siz mustaqil bo’lishni o’rganasiz, hech kimdan yordam kutmaysiz va haqiqiy hayotni  barcha go’zallik va qiyinchiliklari bilan ko’ra olasiz!

 Yuqorida ta’kidlaganimizdek, xorijda o’qishning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Demak, barcha afzalliklarini ko’rib o’tganimizdek kamchiliklari haqida ham so’z yuritishimiz lozim.   

CHET ELDA O’QISHNING KAMCHILIK TOMONLARI

Dastlabki vaqtlarda siz o’zingizni yolg’iz his qilishingiz va vataningiz, uyingiz, oila a’zolaringizni sog’inishingiz tabiiy holat, ammo bu depressiyaga olib kelishi ham mumkin. Shuning uchun iloji boricha atrofdagilar bilan tezroq tanishib olishga va oilangiz bilan tez-tez aloqada bo’lishga harakat qilishingiz kerak.

Chet elda o’qish shu mamlakatning tilini o’z-o’zidan o’rganib olish degani emas, bu borada ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin, chunki nazariy jihatdan o’rganilgan bilimlar amaliyotda, ya’ni mahalliy aholi bilan muloqot qilishda pand berishi mumkin. Bunday anglashilmovchiliklar dialektologiya bilan bog’liq bo’ladi.

E’tiborli bo’lish kerak bo’lgan eng asosiy jihatlardan yana biri siz hujjat topshirib qabul qilingan universitet diplomi qaysi davlatlarda amal qilishi mumkinligini aniqlashdir, chunki bu omil sizning kelajakdagi karyerangiz uchun juda muhimdir. Top 1000 universitetlar diplomi shundoq ham barcha davlatlarda tan olinadi, biroq boshqa hollarda siz universitetning qaysi davlatlar bilan ta’lim sohasida shartnoma tuzganini bilishingiz kerak va eng yomoni bu shartnomalar bekor qilinsa, sizning ham diplomingiz o’z qiymatini yo’qotadi.

Moliyaviy jihatlarga keladigan bo’lsak, agar siz stipendiat bo’lmasangiz, albatta, ishlashingizga to’g’ri keladi, chunki rivojlangan davlatlarning iqtisodiyoti ham yuqori bo’ladi va bu farqni bizning mamalakatimiz bilan taqqoslab bo’lmaydi.

Cultureshock – “yangi madaniyat bilan to’qnashish” ham ko’pchilikni esankiratib qo’yishi mumkin, ularning odatlari, kiyinish uslubi va boshqa xususiyatlari sizga yoqmasligi mumkin. Bu tabiiy hol deb qaraladi va sizga har bir yangilikni boricha qabul qilish maslahat beriladi

Ko’rib turganingizdek, bir necha kamchiliklari bo’lishiga qaramay, xorijda o’qishning kelajakdagi karyerangiz uchun beradigan imkoniyatlari bu qiyinchiliklarni yengib o’tishingizga arziydi. Xorijda o’qish oson emas, ammo siz o’zingizni kuchli va moslashuvchan deb hisoblasangiz chet elda o’qish aynan siz uchun!!!

Oybarchin YO’LBARSOVA,
O’zDJTU, Media va kommunikatsiya fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × two =