1. Yoʻnalishni emas, faqat universitetni tanlash.
Dunyoda koʻplab nufuzli universitet va kollejlar mavjud. Koʻpchilik talabalar aynan universitet tanlash paytida yoʻnalishni emas, balki universitet nomiga qarab tanlashadi. Aslida bu muvaffaqiyatli ariza topshirishdagi eng katta xatolardan biri hisoblanadi. Koʻpchilik tanlagan universitetining asosiy talablariga qarab tayyorlanadi. Bu esa xato, sababi siz topshirayotgan yoʻnalishning alohida muhim talablari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun universitetga emas, tanlagan yoʻnalishingizga eʼtibor bering (QS reytingi orqali yoʻnalishlar (subjects) orqali universitetlar topishingiz mumkin).
2. Universitetning qaysi davlatda joylashganiga eʼtibor bermaslik.
Taʼlim muassasasining joylashuvini hisobga olmaslik — oʻqishingizga va karyerangizga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin bo‘lgan xatolardan biri. Tanlangan mamlakat sizga mosmi? Universitet joylashgan hududning iqlimi? Shahar hayotining ritmi, kampus qayerda joylashgan? U yerda barcha zarur infratuzilmalar mavjudmi? Bu mamlakatda yashash qanchalik qimmat va arzon? Shu kabi jihatlarni unutmaslik lozim, albatta.
3. Kirish talablariga (admission requirements) beparvolik.
Barcha talablar universitetga qarab farq qiladi. Abituriyentlar odatda bir nechta taʼlim muassasalariga murojaat qilishlarini hisobga olsak, har bir universitet talablarini sinchkovlik bilan oʻrgangan holda bir nechta hujjatlar toʻplamini tayyorlash kerak. Koʻpchilik qiladigan xato bir xil hujjat bilan bir nechta universitetga hujjat topshirishga urinishadi. Bu esa eng katta xato.
4. Bitta universitetda bir nechta mutaxassisliklarga hujjat topshirish.
Talabalar koʻpincha bir vaqtning oʻzida bir nechta universitet va bir nechta mutaxassisliklarga hujjat topshirishadi. Agar siz bir universitetda turli fan sohalaridan bir nechta dasturlar uchun raqobatlashayotgan boʻlsangiz, sizning nomzodingiz tanlov komissiyasi uchun shubhali boʻlib tuyulishi mumkin. Shu sababli bu kabi holatdan iloji boricha qoching.
5. Insho yoki motivatsion xat yozishga yetarli darajada tayyorlanmaslik.
Koʻpchilik uchun, ayniqsa, til bilish darajasi yuqori bo‘lgan talabgorlar uchun insho yoki xat universitet talab qiladigan eng oddiy narsadek tuyulishi mumkin. Lekin insho yozish jarayonida sizning qanchalik soʻzamolligingiz yoki murakkab soʻzlar va strukturani qoʻllashni emas, tahlil qilish va tanqidiy fikrlash qobiliyatingizni namoyish qilishingiz kerak, bu yerda har bir gʻoya aniq tasvirlangan va yoritilgan boʻlishi kerak. Demak, hammanikidan ajralib turuvchi va oʻziga tortadigan usulda insho yoki motivatsion xat yozishingiz lozim.
6. Universitetga hujjat topshirayotganda yolgʻon gapirish.
Motivatsion xat yoki insho oʻqituvchilar yoki boshqalar tomonidan toʻldirilmasligi kerak. Tavsiya xatlariga kelsak, aksincha, abituriyentlarning oʻzlari tomonidan emas, balki oʻqituvchilar tomonidan yozilgani maʼqul. Shuningdek, tayyorlangan hujjatlarda yutuqlar va boshqa maʼlumotlar kiritishda toʻgʻri va aniq maʼlumotlar kiritish kerak (boʻrttirib yubormaslik lozim).
7. Belgilangan muddatlar va vaqtni (deadline) boshqarish haqida unutish.
Qabul qilish roʻyxatida belgilab qoʻyilgan sanalar asosiy rol oʻynaydi. Belgilangan muddatlarni oʻtkazib yubormaslik uchun oldindan shaxsiy akademik kalendarni yaratish tavsiya etiladi. Shuningdek, xalqaro soat vaqtlariga eʼtibor bermaslik — eng katta qoʻyiladigan xatolardan biri. Bunga eʼtibor berilmasa, belgilangan muddat oʻtkazib yuborilishi mumkin. Shu sababli davlatlarning vaqtlarini aniqlashtirib olish kerak.
8. Asosiy oʻqishni unutib qoʻymaslik lozim.
Agar siz hali ham maktabda yoki boshqa universitetda oʻqiyotgan boʻlsangiz, hech qanday holatda asosiy oʻqishni unutmaslik kerak. Sababi Conditional Letter (universitet yoki kollej maʼmuriyati tomonidan beriladigan tavsiyanoma) orqali qabul qilinganingizda asosiy akademik baholaringizni yuqori ushlab turishingiz lozim va baholarning pasayib ketmasligi juda muhim. Shu sababli orzularga berilmasdan oʻqishingizni davom ettiring.
9. Yetarli darajada til bilish ko‘nikmasining mavjud emasligi.
Agar siz tilni yaxshi bilmasangiz, uni maʼlum bir mamlakatda oʻqish uchun yetarli darajaga koʻtarishingiz kerak. Baʼzan hatto yaxshi TOEFL yoki IELTS natijalari ham haqiqiy muloqot tajribasisiz til toʻsigʻini yengib oʻta olishingizni anglatmaydi. Shu sababli darajangiz ustida doimiy ishlang!
Ababakirova Marjona,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.