YANGI NASHRDAGI “DAVLAT TILIDA ISH YURITISH” AMALIY QO‘LLANMASINING TAQDIMOTI BO’LIB O’TDI

12.01.2021

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashrining taqdimoti o‘tkazildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur qo‘llanmaga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Departament vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar va tumanlari hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilar, tilshunos olimlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur amaliy qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib qoidalari masalalariga urg‘u berilgan, ushbu hujjatlar tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan, shuningdek, kitobga ish yuritishga oid lug‘atlar kiritilgan.

“Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan, shuningdek, undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, boshqaruvchilar ham foydalanishlari mumkin.

15 ming nusxada nashr qilingan qo‘llanma vazirlik-idoralar va hokimliklarga bepul taqdim etilmoqda.

Darhaqiqat, o‘zbek tilining ham ona tili, ham davlat tili sifatidagi taraqqiyotini taʼminlash, hech shubhasiz, milliy manfaatlarimiz himoyasining tamallarini tashkil etadigan muqaddas harakatlardan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bugun ana shunday harakatlarning boshini qovushtirish, bu boradagi ishlarga yangicha ruh berish maqsadida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeyini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashi, o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlarini ko‘rsatadigan izohli va terminologik lug‘atlarni nashr etish, ilmiy asoslangan so‘z va atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanilishini taʼminlash, pirovardida esa har bir fuqaro qalbida davlat tiliga ehtirom tuyg‘usini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentabr oyida “Davlat tilida ish yuritish” kitobining kirill alifbosida nashr qilingan 4 ming nusxasi vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, hokimliklarga bepul tarqatilgan edi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

two + two =