«YANGI O‘ZBEKISTON» KITOB-ALBOMINING TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

24.08.2021

Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab chop etilgan “Yangi Oʻzbekiston” kitob-albomining taqdimoti boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-adiblar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.

Mazkur kitob-albom turli vazirlik va idoralar mutaxassislari, fotomuxbirlar hamda AOKA masʼul xodimlaridan iborat ijodiy jamoa tomonidan nashrga tayyorlandi. Unda istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi besh yilda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʻlida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan ishlar haqida hikoya qilinadi.

Taqdimotda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar soʻzga chiqdi va kitob-albomning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida soʻz yuritdilar.

Kitob-albom “Oʻttiz yillik murakkab va sharafli yoʻl”, “Yangi Oʻzbekiston – milliy taraqqiyotning yangi bosqichi”, “Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda”, “Innovatsion asosda qayta qurilayotgan iqtisodiyot”, “Yangi Oʻzbekistonni azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda quramiz”, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”, – “Maʼnaviyat – Yangi Oʻzbekiston poydevori”, – “Oʻzbekiston va jahon” sarlavhalari bilan nomlangan 8ta boʻlimdan iborat. Asar oʻzbek (kirill va lotin alifbosida), rus va ingliz tillarida oʻziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda, jami 30 000 nusxada nashr etilmoqda.

Kitob-albom yaqin tariximizda kechgan voqealar, xalqimiz mardona yengib oʻtgan turli sinov va mashaqqatlar, erishilgan ulkan yutuq va natijalar haqida hikoya qiladi. Unda oʻtgan davr mobaynida respublikamiz ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq oʻlkadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylangani oʻz aksini topgan.

Taqdimotda kitob-albomga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etildi, turli soha mutaxassislari kitob-albom haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Manba: https://aoka.uz/

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

20 + seven =