Sehrli ertak kabi ko‘ngillarni oqlikka burkovchi, barchani shodlantiruvchi bu bayramni nishonlash asli qachondan boshlangani xususida hech o‘ylab qo‘rganmisiz?
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida yangi yil 31-dekabrdan 1-yanvarga o‘tar kechasi nishonlanadi. Sababi 1-yanvar – grigoryan kalendari bo‘yicha yilning ilk kuni. Bu bayram tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yangi yilni barcha bayramlarning “bobosi” deb aytishga asosli bo‘lamiz. Hozirda “ertaklar kuni” deya nomlanadigan bu bayramni nishonlash miloddan avvalgi 46-yildan boshlangan ekan.
Nima uchun archa yangi yil belgisi?
Ayni paytda qayerga bormang, bir manzaraning guvohi bo‘lishingiz aniq: uyda, ko‘chalarda, restoran-u ko‘ngilochar maskanlarda, barcha-barcha yerda yangi yildan nishona berish maqsadida ko‘zni quvnatuvchi archalar o‘rnatilgan. Lekin hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun har yerda yangi yil arafasida aynan archa yasatiladi. Buning mohiyati nimada? Sababi qadim zamonlarda yangi yil ko‘proq janubiy mamlakatlarda nishonlangan va bayram ramzi palma daraxti bo‘lgan (issiq o‘lkalarda palma ko‘plab topiladi). Shuning uchun janubda palma “archa” vazifasini bajargan. Boshqa o‘lkalarda palma bo‘lmagani sabab yil bo‘yi yam-yashil turuvchi daraxt – archa tanlab olingan ekan. Yana bir afsonaga qaraganda esa archani yangi yil ramzi sifatida belgilash Germaniyada boshlangan. Qadimgi davrlarda odamlar yilning so‘nggi kuni birgalikda o‘zlarining maskanlaridagi eng katta daraxt – archani qidirganlar va uning atrofida bayram qilib, bu daraxtga o‘zlari uchun sevimli bo‘lgan narsalarini ilib ketganlar. Bundan maqsad keyingi yil yanada mo‘l-ko‘l bo‘lsin, deya niyat qilganlar. Shu tariqa archa yasatish an’anaga aylana borgan. Hozirda dunyoning deyarli barcha yerida yangi yil nishonlanadi va archa uning ramzi sanaladi.
Yangi yilni nishonlash an’anasi
Archa yasatish deyarli barcha mamlakatlarda urfga aylangan bo‘lsa-da, ularning yangi yilni nishonlash an’analari bir-biridan farqlanadi. Ulardan eng noodatiylari bilan tanishamiz:
Ispaniyada yangi yil kechasi soat millari 12ga bong urganda 12 dona uzum yeyish odat tusiga kirgan. Ularning fikricha, kim 12 dona uzum yesa, kelayotgan yilning 12 oyi ham ular uchun omadli o‘tadi.
Kubada esa yangi yil juda boshqacha ruhda o‘tadi. Bu kunda barcha kubaliklar uylaridagi biror idishga to‘ldirib suv solib qo‘yadilar hamda soat millari bong urganda idishdagi suvni derazadan uloqtiradilar. Aynan suv uloqtirilishiga sabab yangi yil ham suv kabi pok bo‘lsin, deya niyat qiladilar. Bu ular uchun odat tusiga aylangan bo‘lib, barcha quvnoqlikda, ba’zilar ho‘l kiyimda bayramni nishonlaydilar.
108 qo‘nqiroq siri
Yaponiyada yangi yil kuni barchaga qo‘nqiroq tarqatiladi. Bu qo‘nqiroq 108 marta bong urish xususiyatiga ega. Ular insondagi eng ko‘p uchraydigan 6 illat: hasad, ochko‘zlik, ahmoqlik, qat’iyatsizlik, mulahazasizlik hamda qahrning ramzi sanaladi. Xo‘sh, illat oltita bo‘lsa, nega endi 108 marotaba bong urish kerak deyayotgan bo‘lsangiz kerak-a? Sababi shundaki, yaponlar olti illatning har birida 18ta xususiyat yashirin bo‘ladi, deb hisoblaydilar. Ana shunda 108 raqami nima uchun paydo bo‘lganini anglash mumkin ekan. Yana shunisi qiziqki, Yaponiyada yangi yil kechasi har bir xonadonda uchta daraxtning novdasi bo‘lishi shart: bambuk novdasi – daraxt kabi farzandlar tezroq voyaga yetsinlar; olxo‘ri – uy bekasining yordamchilari ko‘proq bo‘lsin; qarag‘ay – har bir oila a’zosi bu daraxt kabi uzoq umr ko‘rsin degan niyatda ularni uylariga olib keladilar.
Qorbobosiz yangi yil yoxud uyum-uyum chiqindilar
Qorbobosiz yangi yilni hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz? Qizil shapka-yu oq soqolli “bobo”siz bu bayram qanday o‘tarkin? Buni qarangki, bu savolga javobni Afrikadan topishingiz mumkin ekan. Sababi Afrikada yangi yil qorbobosiz nishonlanadi. Ularda yangi yil kechasi qorbobo o‘rniga “jazirama bobo” yo‘lga chiqar ekan. Bu ham har bir mamlakatning o‘ziga xos ekanligidan bir dalolat bo‘lsa ajab emas..
Uyingizda uyum-uyum keraksiz narsalaringiz bo‘lsa-yu, ularni qayerga uloqtirishni bilmayotgan bo‘lsangiz, unda Italiyadagi yangi yil kechasi ayni sizbop vaziyatdir. Bu kechada barcha mamlakat aholisi uylaridagi eski narsalarni derazalaridan uloqtiradilar. Yangi yil kechasining ertasi kuni Italiyada uyum-uyum otib yuborilgan narsalarni ko‘rsangiz aslo ajablanmang. Bu ular uchun odatiylikdan darakdir.
Avstraliyada yangi yil qorsiz, archa-yu bug‘ularsiz o‘tishi mumkindir. Ammo bu kecha qorbobosiz o‘tmaydi. Faqatgina ularning qorbobolari noodatiy tarzda kiyinadi: qorbobo xonadonlarga juda yupun kiyingan holda tashrif buyuradi. Uning qorbobo ekanini ikki narsadan: oq soqoli hamda qizil qalpog‘idan bilib olishingiz mumkin.
Anor – Gretsiyada yangi yil kechasining asosiy mahsuloti hisoblanadi. Greklar bu kunda yangi yilni qarshilash maqsadida oila a’zolari bilan birgalikda hovlilariga chiqadilar va anorni devorga qarata otadilar. Agar anor donachalari har qayoqqa sochilib ketsa bu – kelayotgan yil ular uchun omadli bo‘lishidan darak.
Hindiston bu bayramni ham turli ranglardan foydalanish orqali o‘tkazadi. Shimoliy Hindiston aholisi bu bayramni oq, pushti, qizil va siyohranglarsiz tasavvur eta olmaydilar. Shu ranglardan foydalanib atrofni bezaydilar. Markaziy Hindiston aholisi esa har bir binoni turli-tuman ranglarda bo‘yaydilar hamda binolar ustiga olovrang bayroq ilib chiqadilar. G‘arbdagilari yangi yil kechasi uylarining tomiga kichik idishda olov yoqib qo‘yadilar. Bolalarga sovg‘a ulashish jarayoni ham bu yerda o‘zgacha bo‘lib, erta tongda patnisda sovg‘a sifatida shirinliklar ulashiladi.
Irlandiyaning mehmondo‘st ekanini ularning yangi yil bayramidan ham bilib olish mumkin. Sababi bu kun kechasi har bir xonadon o‘z eshigini katta qilib ochib qo‘yadi va istalgan mehmon kirib yangi yilni shu yerda kutib olishi mumkin, bu inson begona bo‘lsa-da, irlandlar uchun yangi yilni ochiq eshik bilan kutib olish an’anadek gap.
Ko‘mir olib keldingizmi, mehmon?
Shotlandiyada esa bu kechada smola (qatron) to‘ldirilgan katta-katta bochkalar ko‘chalarga dumalatib yuboriladi. Ularning fikricha, bu jarayon – eski yilni butunlay yondirib yuborish ramzi ekan. Eski yildan hech narsa qolmagandagina yangi yilga keng yo‘l ochiladi, deb hisoblaydilar. Soat millari 12ga yaqinlashganda esa shotlandlar mehmondorchilik qiladilar.
Har bir kelgan mehmon xonadonga bir bo‘lak bo‘lsa-da ko‘mir olib kelishi urfga aylangan. Sababi Shotlandiya uylarining har birida uyni isitish moslamasi sifatida kamindan foydalaniladi. Ko‘mir – bu xonadondagi olov uzoq yillar davomida o‘chmasligi belgisidir.
Shvetsiyada yangi yil arafasida idishlarni sindirish kelasi yilga qadam qo‘yishni anglatadi. Vengriyada esa yangi yil taomnomasining o‘zi o‘zgacha. Yangi yil kuni hech qaysi xonadon parranda go‘shtidan taom tayyorlamaydi. Kirib kelayotgan yangi yilda omad qush kabi uchib ketmasligi uchun ularning taomnomasida parranda go‘shti ta’qiqlanadi.
Latviyada no‘xat – yangi yil ramzi sanaladi. Bu kechani kutib olishda har kim bir donadan bo‘lsa-da no‘xat yeyishi shart.
Germaniyada bo‘lsa yangi yil tom ma’noda oilaviy bayram sifatida nishonlanadi. Bu kunda oila a’zolarining barchasi bir dasturxon atrofida jam bo‘lishlari lozim. Shundan so‘ng “Besherung” ya’ni sovg‘a ulashish jarayoni boshlanadi.
Yangi yil – yangi marralar
Ha, yangi yil o‘zi bilan yangi marralarni olib keluvchi bayram. Albatta, bu bayram uchun barcha o‘zgacha tarzda tayyorgarlik ko‘rishi turgan gap. Yangi yil qanday nishonlanmasin, turli joylarda turfa xillikni kasb etmasin, barchaning yangi yildan umidi katta: muhimi eski yil o‘zi bilan xafagarchiliklar-u arazlarni olib ketsin-da, yangi yil o‘zi bilan yangi muvaffaqiyat-u omadlarni olib kelsin!
Sitora XOLMATOVA
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.