YAPONIYALIK O’QITUVCHI HIROMU YAMAGISHI (UMIDJON) BILAN SUHBAT

01.03.2024

Bilim olish – igna bilan quduq qazish bilan barobar. Mana shunday mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tishga intilayotgan yoshlar bizning zamonda ham talaygina, albatta. Bugungi kunda bilim va ko‘nikmalarini oshirish, fikr almashinish, dunyo kezish hamda o‘zini o‘zi rivojlantirish uchun imkoniyat va sharoitlar yetarlicha. O‘qituvchi hamda talabalar chet davlatlarga borib, tajriba va bilim almashish imkoniyatiga ega. Shu qatorda, O‘zbekistonga ham talaba va o‘qituvchilar turli sohalar bo‘yicha kelib, ilmiy ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.

Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham turli davlatlardan tashrif buyurgan professor va o‘qituvchilar o‘z ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Biz ham shunday o‘qituvchilardan biri bo‘lgan, yosh bo‘lishiga qaramasdan malakali ustozlar safiga kiradigan yaponiyalik Hiromu Yamagishi bilan qisqacha suhbat o‘tkazdik. Suhbat davomida yosh o‘qituvchi o‘zbekistonlik talabalar haqida fikrlari hamda ularga bo‘lgan maslahatlarini biz bilan bo‘lishdi.

Assalomu alaykum, ustoz o‘zingiz haqingizda maʼlumot berolasizmi?

Assalomu alaykum! Mening ismim Hiromu Yamagishi. Bu yerda meni Umidjon deb atashadi. Chunki ismimni yaponchadan o‘zbekchaga tarjima qilganda “kata umid (big hope)” degan maʼnoni anglatadi. Yaponiyadan kelganman. 2022-yil sentyabr oyidan boshlab yapon tili o‘qituvchisi sifatida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dars beraman. Yoshim 29da.

Tillar dunyosiga qanday kirib kelgansiz?

– Men oldin Yaponiyada o‘quv markazida ishlaganman.U yerda geografiya va tarix fanidan dars berardim. Lekin men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman va shu yerda yashamoqchiman. O‘sha payti O‘zbekistonda qanday ish qila olaman degan savol bor edi. Xayolimga o‘zbek talabalariga yapon tilidan dars berish fikri keldi. Shu bilan tilshunoslik sohasiga kirib keldim.

Bu yerda dars berish istagingizning sabablari nimada? O‘zbekistonning qaysi jihatlari sizni o‘ziga tortdi?

– Men birinchi marotaba 2016-yili sayohat uchun O‘zbekistonga kelganman.  Samarqand, Buxoro, Xiva va shu kabi tarixiy shaharlarga borganman. O‘zbekistonda juda chiroyli manzarali joylar navqiron binolar bor. Undan tashqari odamlari juda mehribon va yana o‘zbek qo‘shiqlarini juda yoqtiraman. Shuning uchun bu yerni tanlaganman.

Ish joyingizda madaniyat, til bilan bog‘liq muammolar bo‘ladimi va ularni qanday hal qilgansiz?

– Albatta muammolar bo‘ladi. O‘zbek va yapon madaniyati o‘rtasida katta farq bor. Lekin bu – O‘zbekiston. O‘zbekistonga keldimmi, bu yerning urf-odatlarini, odamlarini tushunishim kerak. Ikki millat vakillari, bir-birimizning madaniyatimizni hurmat qilamiz.

Taʼlim uslubingizni tasvirlab berolasizmi?

– Men yuqorida aytganimdek, o‘zbek qo‘shiqlarini juda yoqtiraman. O‘zbek tilini o‘rganishimda ham asosan qo‘shiqlar yordam bergan. Shuning uchun ham talabalarga yapon qo‘shiqlaridan foydalangan xolda yapon tilini o’rgataman. Bu asosan talaffuz uchun juda yaxshi foyda beradi. Yapon tilida bir-biriga yaqin so‘zlar juda ko’p. Talaffuzda ozgina adashsangiz ham bir so‘z boshqa so‘zga aylanib ketishi mumkin. Talabalarga mashg‘ulotlarni yaxshiroq yetkazib berish uchun men va boshqa o‘qituvchilar ham darsdan oldin tayyorlanib boramiz. Shuningdek Yapon tili kafedrasi o‘qituvchilari, hammamiz har bir darsimizda prezentatsiyalardan foydalanamiz. Undan tashqari shaxsan o‘zim gazetalar, ko‘rsatuvlar, Youtubedan foydalanaman.

Hozirgi 21-asrda online taʼlim offline taʼlimdan ustun kelmoqda. Sizning fikringizcha masofaviy taʼlim yaxshimi yoki yuzma-yuz?

– Mening fikrimcha offline taʼlim yaxshi. Chunki o‘qituvchilarda “o‘rgataman” degan tuyg‘u bo‘lsa yetarli. Talabalar ham o‘qituvchilaridan o‘rnak olib jiddiy o‘qishim kerak deb yaxshiroq o‘rganadi deb o’ylayman. Offline taʼlimda o‘qituvchi talabani qiziqtira olish imkoniyati yanada kengayadi menimcha.

 O‘zbek madaniyati, urf-odatlari, yashash tarzi haqidagi fikringizni o‘rtoqlasha olasizmi?

– Har bir narsaning ijobiy va salbiy tomoni bor. O‘zbek xalqi hamma narsaning birinchi bo‘lib ijobiy tarafini o’ylashadi. Yaponlarda unday emas. O‘zbek odamlari sodda va samimiy qalbi bilan meni o‘ziga jalb qilgan. Lekin ish masalasida biroz sekin ishlaydilar deb o‘ylayman.

O‘zbek xalqi onalari hamda yoshi ulug‘ insonlarni juda hurmat qiladilar. Menga yoqqan eng yaxshi odatlaridan biri bu – metroda yoshi katta inson kelganda yoshlar tezda joy berishadi. Bu juda yaxshi. Yaponiyada unday emas, hechkim hechkimga joy bermaydi, yoshmi – qarimi hamma birdek.

Suhbatimiz yakunida o‘zbek talabalariga kelgusi o‘qish va ishlarida qanday maslahat bergan bo‘lar edingiz?

– Albatta talabalarga jiddiyroq o‘qishlarini tavsiya qilaman. Hozirgi davrlarini qadrlariga yetishishini maslahat beraman. Bu davr, manashu 4 yil hech qachon qaytib kelmaydi. Bundan tashqari ko‘proq do‘st orttirishlari kerak deb o’ylayman. Aynan shu universitetni oladigan bo‘lsak, bu yerga turli davlatlardan talabalar, o‘qituvchilar keladi. Menimcha ular bilan do‘stlashib, fikr almashib dunyoqarashini kengaytirish hayotda muhim rol o‘ynaydi.

Suhbat uchun katta rahmat! Kelgusi ishlaringizda omad tilab qolamiz.

– Sizga ham rahmat, bilim olishdan hechqachon charchamang!

Intervyuni Elinura SHUKUROVA olib bordi.
O‘zDJTU, Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

elinurashukurova625@gmail.com

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 × 3 =