YAXSHI O‘QISH UCHUN MOTIVATSIYA KERAKMI?

17.05.2024

Talabalar ba’zida o‘qish jarayonlarida  yoki  maqsadga  intilishda sustlashib qoladi, ya’ni  rivojlanishga  va  biror  yangilik  yaratishga  ishtiyoqlari yo‘qolib qoladi. Shunday vaziyatlarda ularga MOTIVATSIYA  qanday ta’sir qiladi va foyda beradi? Bundan avval motivatsiya nima ekanligini bilib olish zarar qilmaydi.

   “Motivatsiya”­ so‘zi “motiv” so‘zidan olingan bo‘lib, “harakat qilish, undash” degan ma’noni anglatadi. Motivatsiya — talabaning akademik tayyorgarligi va bilim olishga intilishining ajralmas omilidir. Umumiy qilib aytganda, ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan harakatni yanada kuchaytirish jarayonidir.

     MUVAFFAQIYATGA ERISHISH UCHUN TALABALAR QANDAY QILIB MAQSADGA BO‘LGAN ISHTIYOQINI OSHIRISH MUMKIN?

1. Professor-o‘qituvchilarning yutuqlari talabalarni mukammal bilim olishga va maqsad sari olg‘a qadam bosishga turtki bo‘ladi. Shuning uchun, oliy  ta’lim maskanidagi  professor-o‘qituvchilar ko‘proq  o‘zlarining qiyinchiliklar bilan erishgan muvaffaqiyatlari to‘g‘risida suhbatlar olib borishi kerak. Qo‘shimcha ravishda,  murakkab vaziyatlardan chiroyli chiqib ketish usullari ham aytilsa, kelajakda talabalar  shu kabi vaziyatlarni oldini olishga harakat qiladi.

2. Ota-onalar farzandlariga sof muhit yaratib berishi muhim tomonlardan biri hisoblanadi. Sof muhit deganda faqat moddiy tomondan emas, balki ularni ruhlantirib, maqsadlar yo‘lida ishonchini so‘ndirmasligiga undab turishi ota-onalarning bergan ma’naviy ozuqasidir. Bu jarayonda ota ham ona ham farzandining tanlagan yo‘lida yorqin zafarlar quchishiga ishonishlarini aytib, kayfiyatini ko‘tarib turishi zarur.

3. Mashhur insonlarning mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tgani haqida hujjatli film yoki video-roliklarni ko‘rish  talabalarda qiyinchilikga bo‘lgan  munosabatini yaxshi tomonga oz bo‘lsa ham o‘zgartira oladi, ya’ni  muvaffaqiyatga tez va oson erishib bo‘lmasligini va sabr, kuchli mehnat bilan yetishishi ma’lum bo‘ladi.

Motivatsiya orqali  talabalarda oldiga aniq bir maqsadni qo‘yish va unga qarab harakat qilish   shakllanadi.

Mazkur  taniqli insonlarning motivatsion iqtiboslarini o‘qishni tavsiya etamiz:

  • “Oqituvchilar eshikni ochishi mumkin, lekin siz o’zingiz kirishingiz kerak” (Xitoy xalq maqoli).
  • “Boshlash uchun zo‘r bo‘lish shart emas, lekin zo‘r bo‘lish uchun boshlash kerak” (Zig Ziglar).
  • “Dahoda 10% ilhom, 90% mehnat bo‘ladi” (Tomas Edison).
  • “Muvaffaqiyat – bu takrorlanadigan kichik harakatlar yig‘indisidir” (Robert Kollier).
  • “Kechagi kundan saboq ol. Bugun uchun yasha. Ertangi kundan umid qil” (Albert Eynshteyn).
  • “Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun uch narsa kerak; diqqat, intizom va harakat” (Jaloliddin Rumiy).
  • “Aqllidan kelgan jafo nodondan kelgan vafodan yaxshidir” (Jaloliddin Rumiy).

O‘zingiz o‘zingizga motivatsiya bo‘ling!

HARAKATDAN TO‘XTAMANG!

Saida Sabirova,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya
fakulteti 3-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

twenty − 17 =