“Yoshlarda ijtimoiy faollikni shakllantirishning zamonaviy muammolari: liderlik, ijodkorlik, innovatsiyalar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

22.10.2019

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi 2017—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarning beshinchi bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 133-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “2019-yilda respublika miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”ga muvofiq joriy yilning 20-noyabrda Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosida “Yoshlarda ijtimoiy faollikni shakllantirishning zamonaviy muammolari: liderlik, ijodkorlik, innovatsiyalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Konferensiya quyidagi yo’nalishlar boʻyicha tashkil etiladi;

  • Liderlik psixologiyasining zamonaviy muammolari
  • Yoshlarda ijodiy tafakkurni rivojlantirish istiqbollari
  • Yoshlarda innovatsion potensialni shakllantirish imkoniyatlari

Ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish tartibi: Konferensiya 2019-yil 20-noyabr soat 10.00 da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtadi va unda vazirlik, idora, tashkilot, muassasalar tegishli mutaxassislari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, yosh olimlar (doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistrantlar xamda bakalavr bosqichidagilar)ning ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning ilmiy maqolalari
quyidagi talablar asosida qabul qilinadi:

  1. Ilmiy maqolalar konferensiya yo’nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy dalillarga suyanib, tugallangan fikrlar asosida tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etilgan holda boʻlishi lozim.
  2. Taqdim etilayotgan ilmiy maqolalar soha boʻyicha yetuk mutaxassislarning kamida bitta taqrizi bilan qabul qilinadi.
  3. Ilmiy maqolalar matnlari tahrir qilingan holda A4 hajmdagi qogʻozga, yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, oʻngdan 1,5 sm joy qoldirib, bir nusxada rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim. Maqolaning nomi bosh harflar bilan yozilib, 1,5 intervaldan soʻng muallifning toʻliq familiyasi, ismi va otasining ismi hamda lavozimi yoki ilmiy unvoni yoziladi, 1 intervaldan keyin tashkilot (ish yoki oʻqish joyi) va shahar nomi koʻrsatiladi. Soʻngra 1,5 interval qoldirilib, matn mazmuni 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi.
  4. Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida boʻlishi, 2 betdan kam boʻlmasligi va 4 betdan oshmasligi lozim. Maqolalarning elektron nusxasi (RTF) va taqrizi imzosi bilan skaner qilingan (PDF) holatda maqolaga ilova qilib, conference@yomi.uz elektron manziliga yuboriladi.
  5. Havolalar maqolaning oxirida beriladi, unda adabiyotning muallifi, nomlanishi, nashriyoti, nashr yili, fikr olingan yoki asoslangan sahifasi koʻrsatiladi hamda oʻrnatilgan tinish belgilari tizimiga amal qilinadi. Har bir maqola antiplagiat dasturida tekshiriladi.
  6. Konferensiyaning rasmiy tillari: oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz. Maqolaning oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida rezyumesi (2-3 jumlada), tayanch tushunchalar esa matn izchilligida rasmiylashtiriladi. Jadvallar, chizmalarning raqamlari va yozuvlari ust qismiga joylashtiriladi.
  7. Konferensiya uchun materiallar 2019-yil 9-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining (Toshkent shahri, I.Karimov koʻchasi 45-uy) tashkiliy qoʻmitasiga taqdim etilishi mumkin.

Maqolalar ilmiy saviyasi boʻyicha tashkiliy qoʻmita tomonidan tanlab olinadi. Qo’yilgan talablarga javob bermaydigan maqolalar chop etilmaydi va qoʻlyozmasi qaytarilmaydi.

Bayon etilgan maʼlumotlar va ularning ilmiy-nazariy asoslanganligi xamda metodik jihatlari boʻyicha muallif(lar) masʼuldir. Batafsil maʼlumotlarni (0371) 232-61-31, 232-61-45 telefon raqamlari orqali olish mumkin.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

eleven + 11 =