YOZUVCHI YUNUS O‘G‘UZNING “OVCHI” ROMANI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

16.06.2019

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi bilan iyun oyining birinchi yarmida O‘zbekistonda “Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti” kunlari bo‘lib o‘tmoqda. 

Shu munosabat bilan Guliston va Toshkent shaharlarida bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbasov o‘z ma’ruzasida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro aloqalarning mustahkamlanishi, til va madaniyatning yoyilishida bunday tadbirlarning ahamiyati haqida gapirdi. U o’z nutqida “Madaniyat va adabiyot kunlari” namoyishlarida ikki konsert dasturi, modalar namoyishi hamda ikki kitob taqdimoti o‘tkazilganligini alohida ta’kidlab o’tdi.

“Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti” kunlari doirasida joriy yilning 14-iyun kuni Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazida yozuvchi Yunus O‘g‘uzning “Ovchi” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Markaz direktori Ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning ijodi haqida gapirib, tarixiy 2016-yil aprel voqealariga bag‘ishlangan “Ovchi” romanining o‘zbekcha tarjimasini yuqori baholadi. Yunus O‘g‘uzning katta hajmli ikki qismdan iborat “Amir Temur” romani o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan “Ovchi” romani vatanparvarlik haqidagi asardir.

“Ovchi” romanining tarjimoni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Gulbahor Ashurovadir. bu kitobning mas’ul muharriri – filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova. 
Tarjima haqida filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov va Burobiya Rajabovalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, ushbu asar haqida adabiyotshunos olim, tarjimon Boboxon Sharif, akademik Haydarbek Bobobekovlar so‘zga chiqib ma’ruza qilishdi. Asarning muvaffaqiyatli chiqqanligi bilan tarjimonni tabriklashdi.

Bu asar vatanparvarlik, yurt taqdiri va qismatiga befarq bo‘lmaslik, qahramonlik va yurtparvarlik haqidagi romandir. “Ovchi” romanida muallif Vatanga bo‘lgan mehr, loqayd bo‘lmaslik, mard va jasur qalblarning mangulikka daxldor hayoti haqida hikoya qiladi.

Xalqlarning do‘stlik uchrashuvi yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi. Adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, akademik va ijodkorlarning ishtiroki tadbirga fayz bag‘ishladi. Tadbirda, shuningdek, Tojikiston, Ozarbayjon madaniyat markazi a’zolari qatnashdi hamda “Ozarbayjon qizlari” raqs dastasi tomonidan qo‘shiq va raqslar namoyish etildi. 

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four + twenty =