YURTIMIZNING FAOL VA ILG‘OR YOSHLARGA DAVLAT MUKOFOTLARI TOPSHIRILDI

28.06.2024

Yoshlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq, azmu shijoati, bilim va salohiyati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faol yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali hamda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

28-iyun kuni Ko‘ksaroyda ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabriklab, mehru e’tiborini izhor qildi. 

– Mamlakatimiz yoshlarining yutuqlari, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishib, beqiyos kuch va ilhom olaman.  Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha qanday katta imkoniyatlarga ega ekanimizni his etib, xursand bo‘laman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat va jamiyat zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallagan, jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar bilan qudratli. Shu bois ta’lim tizimi tubdan rivojlantirilmoqda. Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar, oliy o‘quv yurtlari yetuk kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. IT-park, kreativ park va texnoparklarda, madaniyat va sport maskanlarida o‘g‘il-qizlar sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, qobiliyatini charxlamoqda.

Bu sharoitlardan unumli foydalangan yoshlar ilm-fan, sport, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda katta-katta yutuqlarga erishib, Yangi O‘zbekistonni jahonga tarannum etmoqda.

Birgina o‘tgan o‘quv yilida 55 nafar o‘quvchimiz matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.

– Bugungi yutuqlaringiz – uzoq yo‘lning boshlanishi. Davlat sharoit yaratishi, kimdur yordam berishi mumkin. Lekin kelajagingiz faqat o‘z qo‘lingizda. Bu yo‘lda barcha yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, orzu-intilishlarida muvaffaqiyatlar tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak ishonch va e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi, o‘qish va ishlarida yanada katta natijalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashini ta’kidlashdi.

https://president.uz/

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 5 =