BILINGUALLIKNING KUTILMAGAN FOYDASI: OLIMLAR YANGI TADQIQOT NATIJALARINI E’LON QILDI
25.05.2026Eng yaqin do‘stingiz yoki sevgan insoningiz bilan suhbatlashayotganingizni tasavvur qiling. Ba’zan siz uning gapini tugatib qo‘yasiz yoki u nima demoqchi ekanini oldindan sezgandek bo‘lasiz. Ko‘pchilik buni “o‘zaro kuchli tushunish” yoki hissiy yaqinlik bilan bog‘laydi. Aslida esa buning ortida inson miyasi qanday ishlashi yotadi.
Har qanday suhbat davomida miyamiz eshitayotgan ma’lumot asosida doimiy ravishda taxminlar qiladi. Bu jarayon “hangman” o‘yiniga o‘xshaydi: odam yashirilgan so‘zni topish uchun harflarni taxmin qiladi. Avvaliga variantlar juda ko‘p bo‘ladi, ammo harflar ko‘paygani sari ehtimoliy javoblar kamayib boradi va oxir-oqibat kerakli so‘z topiladi. Oddiy suhbatda ham biz odatda so‘zning oxirigacha kutmaymiz. So‘zning dastlabki tovushlari eshitilishi bilan miyamiz kontekst, tajriba va eng ko‘p ishlatiladigan variantlarga tayangan holda keyingi so‘zni taxmin qiladi.
Ammo inson ikki tilni bilsa-chi? Ayniqsa, ikkala tilda bir-biriga o‘xshash tovushli so‘zlar mavjud bo‘lsa? Bunday holatda miyadagi ehtimoliy variantlar soni yanada ortadi. Bu esa bir qarashda chalkashlikdek tuyuladi. Lekin aynan shu jarayon ikki tilli insonlarga xotira borasida ustunlik berishi mumkinligi aniqlangan. Science Advances jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot aynan shu masalani o‘rgandi. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, ikki tilli insonlarda ikkala til bir-biri bilan bog‘langan holda ishlaydi. Ya’ni, bir tildagi so‘z eshitilganda boshqa tilga oid o‘xshash variantlar ham miyada faollashadi.
Masalan, ingliz va ispan tillarini biladigan inson “cl” tovushini eshitganda, uning miyasida bir vaqtning o‘zida inglizcha “clock” va ispancha “clavo” so‘zlari paydo bo‘lishi mumkin. Natijada miya kerakli so‘zni tanlash uchun ko‘proq variantlarni tahlil qiladi. Shu sababli psixologik tajribalarda ikki tilli insonlar ba’zan so‘zlarni tanish yoki eslab topishda biroz sekinroq ishlashi kuzatiladi. Ammo olimlarning fikricha, aynan shu “qo‘shimcha aqliy mashq” keyinchalik xotirani mustahkamlashi mumkin.

Tajriba qanday o‘tkazildi?
Tadqiqot davomida ingliz tilida gaplashuvchi bir tilli insonlar va inglizcha-ispancha ikki tilli insonlar ishtirok etgan. Ularga biror so‘z aytilgan va ular rasmlar orasidan mos predmetni topishlari kerak bo‘lgan. Shu paytda ishtirokchilarning ko‘z harakatlari maxsus uskunalar orqali kuzatilgan. Rasmlar ataylab tovush jihatidan o‘xshash qilib tanlangan. Masalan, “beaker” so‘zi bilan birga “beetle” yoki “speaker” kabi o‘xshash tovushli variantlar ham berilgan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilar tovushi o‘xshash rasmlarga uzoqroq qarashgan. Bu esa miyada bir nechta ehtimoliy variant bir vaqtning o‘zida faollashganini anglatadi. Kutilganidek, ikki tilli insonlarda bunday raqobat yanada kuchliroq bo‘lgan.
Xotira bilan qanday bog‘liq?
Tadqiqotchilar yana bir savolga javob izlashgan: ko‘proq variantlarni tahlil qilish predmetlarni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradimi? Buning uchun ishtirokchilarga keyinchalik rasmlarni qayta ko‘rsatib, ular ilgari ko‘rilganmi yoki yo‘qmi, aniqlash so‘ralgan. Natijalar juda qiziq bo‘lgan: miyada ko‘proq “raqobatchi so‘z” uyg‘otgan predmetlar yaxshiroq eslab qolingan. Ayniqsa, ikki tilli insonlarda bu ustunlik yanada kuchliroq namoyon bo‘lgan. Olimlarning ta’kidlashicha, ikkinchi tilni qanchalik yaxshi bilish ham muhim ahamiyatga ega. Ikki tilni mukammalroq biladigan insonlarda xotira ustunligi kuchliroq kuzatilgan. Ko‘z harakatlari tahlili ham shuni ko‘rsatdiki, odam biror narsaga qancha ko‘p e’tibor qaratsa, uni keyinchalik eslab qolish ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Boshqa ilmiy tadqiqotlarda ham ikki tilli insonlar keraksiz ma’lumotlarni ajratib tashlash, bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarish va kategoriyalash jarayonlarida samaraliroq ishlashi mumkinligi qayd etilgan.
Umuman olganda, olimlar ikki tillilik nafaqat muloqot imkoniyatlarini kengaytirishi, balki xotira va boshqa kognitiv qobiliyatlarni ham rivojlantirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Balki ikki tilli “hangman” o‘yini murakkabroqdir, ammo u miyaga foyda beradigan mashq ham bo‘lishi mumkin.
Gulzoda SAYDAHMADOVA, Sabina BAXRONOVA
O‘zDJTU talabalari
