BRITANIYA OTMLARI BILAN XALQARO HAMKORLIK KENGAYMOQDA
10.04.2026O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — University of Warwick professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni almashish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.




Muloqot davomida tomonlar qisqa muddatli tashabbuslar bilan cheklanib qolmay, uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladilar. Xususan, 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini tashkil etish, o‘quv rejalari va akademik jarayonlarni muvofiqlashtirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida ta’minlash hamda o‘quv dasturlarini integratsiya qilish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, doktorantura bosqichida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ta’lim sifati monitoringi, zamonaviy o‘qituvchi tayyorlash metodikalari, ta’limning ijtimoiy jihatlari hamda ta’lim tizimlarini transformatsiya qilishda ingliz tilining o‘rni kabi ustuvor ilmiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
Uchrashuvda qo‘shma ilmiy-ta’lim platformasini yaratish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishga xizmat qiluvchi maxsus laboratoriya tashkil etish, qisqa va uzoq muddatli treninglar, seminar va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Bu tashabbuslar universitetlar o‘rtasida ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir doirasida Warwick universiteti professori Fiona Copland tomonidan “Akademik yozuv va ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan samarali foydalanish” mavzusida ma’ruza o‘qildi. Unda zamonaviy ta’limda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishning dolzarb jihatlari, ularning o‘quv jarayoniga integratsiyasi va natijadorligi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, uni aniq loyihalar va dasturlar asosida izchil davom ettirishga kelishib oldilar. Mazkur tashrif ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

