DAVLATIMIZ RAHBARI OSIYO TARAQQIYOT BANKI BOSHQARUVCHILARI KENGASHINING 59-YILLIK YIGʻILISHIDA ISHTIROK ETMOQDA

04.05.2026

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida nutq so‘zlab, O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi rivojlanish bosqichiga o‘tganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda 150 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilinib, iqtisodiyot hajmi 147 milliard dollarga yetdi, eksport 3 barobar oshdi, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizgacha kamaydi.

Davlat rahbari 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirish va kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganini bildirdi. Shuningdek, “Milliy investitsiya jamg‘armasi”ning 30 foiz ulushi xalqaro fond bozoriga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Nutqda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish, “yashil” energetika ulushini 54 foizga yetkazish, yangi transport yo‘laklarini yaratish va logistika tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ekologik muammolarni hal etish, “Yashil makon” loyihasi va “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” tashabbuslari ilgari surildi.

Prezident Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yuqori baholab, yaqin kunlarda 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi imzolanganini ma’lum qildi.

https://president.uz/oz