G‘ALATI, AMMO HAQIQIY: TARIXDA MAVJUD BO‘LGAN NOODATIY QONUNLAR

25.05.2026

Qonunlar jamiyat tomonidan tan olingan va barcha uchun birdek amal qiladigan qoidalar ekanligini bilamiz. Ularning asosiy maqsadi jamiyatda tartib va axloq me’yorlariga asoslangan yashash tarzini shakllantirishdan iborat. Shuningdek, qonunlar davlat tomonidan rasmiylashtiriladi va ularga bo‘ysunishdan bosh tortganlarni, albatta, jazo kutadi. Shu sababli insonlar orasida qonunlarni buzmaslik kerak deb hisoblaydiganlar ham, qoidalar buzish uchun yaratilgan deb ishonadiganlar ham uchraydi. Ammo qonunlarning o‘zi noodatiy bo‘lsa-chi? Ushbu maqolada tarixdagi eng g‘alati, hattoki bugungi kungacha o‘z kuchini yo‘qotmagan ayrim qonunlar haqida so‘z yuritamiz.

Qabristonga joy qolmaganda

Bunga majburlash qanchalik qiyin bo‘lmasin, miloddan avvalgi V asrda Gretsiyaning Delos orolida o‘lish mumkin emas edi. Orol qadimgi yunonlar uchun muqaddas maskan hisoblangani sababli, u Xudoga sig‘inish uchun “pok hudud”ga aylantirilgan. Miloddan avvalgi VI asrda asosiy ibodatxona yonidagi qabriston ham ko‘chirib yuborilgan. Hatto oroldagi barcha jasadlar qazib olinib, boshqa joyga olib ketilgan.

Qolaversa, bu o‘limni taqiqlagan yagona hudud emas. 2005-yilda Braziliyaning Biritiba-Mirim shahri meri ham o‘limni “taqiqlagan”. Bunga shaharda dafn qilish uchun joy yetishmasligi sabab bo‘lgan. Shahar rahbari ortiqcha muammolarning oldini olish maqsadida shunday noodatiy qaror chiqargan.

Shuningdek, Fransiyaning uchta shahrida 2000-yildan buyon yangi qabristonlar qurishga ruxsat berilmaydi. Shu bois ayrim manbalarda bu hududlarda ham “o‘lish qonunga zid” ekani hazilomuz tarzda tilga olinadi.

Soqol qo‘yish qimmatga tushgan zamon

Rossiya qiroli Pyotr I Yevropa madaniyatiga katta qiziqish bildirgan va mamlakatda g‘arb urf-odatlarining keng tarqalishiga hissa qo‘shgan. U, ayniqsa, Sankt-Peterburgda g‘arbona kiyinish uslubi, san’at, falsafa hamda me’morchilikni joriy etishga harakat qilgan.

Pyotr I Rossiyada oddiy dehqondan tortib saroy a’zolarigacha deyarli barcha erkaklar soqol qo‘yishini, Yevropada esa bunday holat kam uchrashini payqab qoladi. Rossiyaliklar esa soqol insonni Xudoga yaqinlashtiradi deb ishonishgan.

Shundan so‘ng qirol soqol uchun maxsus soliq joriy qilishga qaror qiladi. Natijada soqol solig‘ini to‘lay olmaganlar politsiya tomonidan qo‘lga olinib, omma oldida soqollarini oldirishga majbur qilingan. Bu qarordan keyin Rossiyada soqol qo‘yuvchilar soni keskin kamaygan.

Qirolichaning baliqlari

Buyuk Britaniyada baliq ovlamoqchi bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki ayrim dengiz jonivorlarini tutish uchun qirolicha nomidan ruxsat talab qilinadi.

Angliya qirg‘og‘idan uch milgacha bo‘lgan hududda ovlangan barcha kitlar, delfinlar va osyotr baliqlari qirolicha mulki hisoblanadi. Shotlandiyada esa uzunligi yigirma besh futdan oshgan har qanday kit qirolichaga tegishli sanaladi.

Mazkur qonun Eduard II hukmronligi davrida qabul qilingan bo‘lib, u bugungi kungacha amalda qolgan.

Agar Britaniyada osyotr baliğini (sturgeon) tutib olsangiz, qonunga ko‘ra, avvalo uni maxsus amaldor — “Receiver of the Wreck” orqali qirolichaga taklif qilishingiz kerak bo‘ladi. Va bu ish o‘ylagandek oddiy emas. Siz haqiqatan ham Buckingham saroyi bilan bog‘lanib, “qirollik baliği”ni tutganingiz haqida xabar berishingiz hamda keyingi ko‘rsatmalarni kutishingiz kerak.

Odatda baliq yana sizning ixtiyoringizga qaytariladi. Biroq baribir muammoga duch kelishni istamasangiz, qonunni oldindan aniqlashtirib olgan ma’qul.

Taqiqlangan futbol

Millionlar o‘yini hisoblangan futbol butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlarni birlashtira oladigan sport turi sanaladi. Ammo tarixda bu o‘yin ham bir necha bor taqiqlangan.

Futbol Angliya, Shotlandiya va Fransiyada turli davrlarda rasman taqiqlangan. Birinchi rasmiy taqiq 1314-yilda qirol Eduard II tomonidan Londonda joriy etilgan. Bunga savdogarlarning o‘yin sabab yuzaga kelayotgan tartibsizliklar va savdo-sotiqqa xalaqit berayotgani haqidagi shikoyatlari sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, Richard II va Genrix IV kabi hukmdorlar ham futbolni taqiqlagan. Ularning fikricha, futbol kamondan otish mashg‘ulotlariga xalaqit bergan. Cheklovlar esa amalda yuzlab yillar davomida saqlanib qolgan.

Shotlandiya qiroli Jeyms I ham 1424-yilda futbolni taqiqlagan. Garchi ko‘pchilik bunga jiddiy e’tibor bermagan bo‘lsa-da, o‘yin o‘ynaganlar to‘rt pens miqdorida jarimaga tortilishi belgilangan.

Shuningdek, Fransiyada ham 1319- va 1369-yillarda “La Soule” nomi bilan mashhur bo‘lgan futbol turi taqiqlab qo‘yilgan.

Tarix davomida insoniyat jamiyatni tartibga solish uchun turli qonunlarni yaratgan. Biroq ayrim qonunlar shunchalik noodatiy va g‘alati ediki, ular bugungi kunda ham odamlarni hayratga soladi. O‘limni “taqiqlash”, soqol uchun soliq joriy qilish yoki baliqlarni qirollik mulki deb e’lon qilish kabi qarorlar o‘sha davrning siyosiy, diniy va ijtimoiy qarashlarini aks ettirgan. Qizig‘i shundaki, bu qonunlarning ayrimlari oradan yuzlab yillar o‘tgan bo‘lsa-da, rasman bekor qilinmagan. Albatta, ularning ko‘pi bugungi hayotda amalda qo‘llanmasa-da, tarix sahifalarida inson tafakkuri va boshqaruv tizimlarining qanchalik o‘ziga xos bo‘lganini eslatib turadi. Ehtimol, aynan shunday g‘alati qonunlar orqali tarix bizga bir haqiqatni ko‘rsatadi: har bir davrning “normal” tushunchasi keyingi avlod uchun noodatiy tuyulishi mumkin.

Manba

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistratura bosqichi talabasi