INGLIZ TILI VA INKLYUZIVLIK BOʻYICHA HAMKORLIK SAMMITI OʻTKAZILDI

07.03.2026

5–7-mart kunlari Britaniya Kengashining Accelerating English Language Learning in Central Asia (AELLCA) dasturi doirasida Ingliz tili va inklyuzivlik boʻyicha hamkorlik sammiti oʻtkazildi.

Dasturning asosiy hamkorlaridan biri sifatida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakili — Strategik rejalashtirish va loyiha boshqarmasi boshlig‘i Nilufar Raxmatullayeva ham sammitda ishtirok etib, dastur va uning ahamiyati, ingliz tilini oʻqitish va inklyuziv taʼlimning dolzarbligi haqida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, dasturning mintaqa va mamlakatimizda ingliz tilini oʻqitish sifatining oʻsishi va barcha iqtidorli yoshlarni qamrab olishga qoʻshadigan hissasi taʼkidlandi. Bu esa oʻz navbatida yoshlarning xalqaro taʼlim imkoniyatlaridan keng foydalanishiga yoʻl ochib, “El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiya sovrindorlari orasida xotin-qizlar, chekka hududlardagi va imkoniyati cheklangan iqtidorli yoshlarning salmogʻi oshishiga turtki boʻladi.

Sammitda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniyaning 28 universitetidan vakillar ishtirok etib, oliy taʼlim tizimida ingliz tilini oʻqitishni yaxlit yondashuv asosida isloh qilish, oʻqituvchilarni tayyorlashda uzluksiz kasbiy rivojlanish va inklyuzivlik, transformatsiya jarayonlarida liderlikni kuchaytirish va oʻzaro tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.