INNOVATSION YOSHLAR IT MARKAZI OCHILDI

11.03.2026

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida “Bekobod Innovatsion yoshlar IT markazi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir yoshlarni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb qilish, startap ekotizimini rivojlantirish hamda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov, Bekobod tumani hokimi Z. Nizomiddinov, IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi F. Ibragimov, IT Park Uzbekistan bosh direktori A. Kuchkarov ishtirok etdilar. Shu bilan birga tadbirda xorijiy mehmonlar, jumladan, AQShning Silk Road Professionals kompaniyasi rahbari Jeyms Vanger ham qatnashdi.

Tadbir davomida yoshlar uchun startap ekotizimi, innovatsion loyihalarni rivojlantirish bosqichlari, AT sohasidagi imkoniyatlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun AT savodxonligi, robototexnika yo‘nalishlari, innovatsion g‘oyalarni shakllantirish va startap loyihalarni taqdim etish bo‘yicha interaktiv muloqotlar tashkil etildi.

Yangi tashkil etilgan “Bekobod innovatsion yoshlar IT markazi” yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, AT sohasidagi innovatsion loyihalarni rivojlantirish va startap tashabbuslarini amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Markazda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan:

– dasturlash asoslari,
– ingliz tili (AT sohasi uchun),
– kompyuter savodxonligi,
– robototexnika,
– startap va innovatsion tadbirkorlik asoslari.