KOICA VAKILLARI BILAN ISTIQBOLDAGI HAMKORLIK YO‘NALISHLARI MUHOKAMA QILINDI
22.07.2026O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktor o‘rinbosari Kim Siyon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Muloqot davomida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, Koreys filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilarining Koreya oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, koreys tilini o‘qitishning zamonaviy metodikalarini joriy etish, KOICA ekspertlari ishtirokida yangi avlod darsliklari, elektron platformalar va raqamli ta’lim kontentlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Koreya oliygohlaridan zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalarini jalb etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro standartlarga mos tayyorlov kurslarini tashkil etish, TOPIK imtihonlarini o‘tkazishni kengaytirish, koreys tili, tarjimashunoslik, sun’iy intellekt, raqamli ta’lim hamda madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov KOICA vakolatxonasiga universitetda koreys tili va madaniyatini rivojlantirish borasida ko‘rsatayotgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Xususan, KOICA tomonidan ajratilgan 1 116 000 AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobidan Sharq filologiyasi fakultetida “Koreya ta’lim va madaniyat markazi” tashkil etilgani, markaz zamonaviy texnik vositalar hamda koreys va o‘zbek milliy madaniyatini aks ettiruvchi jihozlar bilan ta’minlangani, shuningdek, so‘nggi ikki yil davomida 70 nafarga yaqin koreyalik volontyor universitet faoliyatiga jalb etilgani alohida e’tirof etildi.
