NEGA BOLALAR CHET TILINI KATTALARGA QARAGANDA TEZROQ O‘RGANADI?

20.07.2026

Yangi tilni o‘zlashtirish muhim va murakkab jarayon bo‘lib, uni samarali egallash hamda kundalik hayotda erkin qo‘llash uchun vaqt va muntazam mehnat talab etiladi. Biroq bu jarayon bolalar va kattalarda bir xil kechmaydi. Odatda, boshqa davlatga ko‘chib borgan bolalar o‘sha mamlakat tilini ota-onalariga qaraganda ancha tez va oson o‘zlashtiradi. Ilmiy tadqiqotlar ham bolalarning til o‘rganish qobiliyati yuqoriroq ekanini tasdiqlaydi.

Umuman olganda, yangi tilni o‘zlashtirish ikki xil tizim orqali amalga oshadi: yashirin (ongsiz) va aniq (ongli) xotira yordamida. Kattalar ko‘pincha tilni grammatik qoidalar, tilning o‘ziga xos xususiyatlari hamda uni ona tili bilan taqqoslash orqali o‘rganadi. Ular uchun xatosiz gapirish muhim bo‘lgani sababli nutq davomida xatolariga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Bolalarda esa buning aksi kuzatiladi. Ular uchun eng muhimi — suhbatdoshiga o‘z fikrini yetkazishdir. Bolalar xato qilishdan qo‘rqmaydi, noto‘g‘ri talaffuzdan uyalmaydi va yangi muhitga tez moslashadi. Aynan shu omillar ularga tilni tabiiy ravishda, hatto ona tilida so‘zlashuvchilarga yaqin darajada egallash imkonini beradi.

Olimlarning fikricha, miya rivojlanishining dastlabki bosqichlari til o‘rganish uchun “muhim davr” hisoblanadi. Bu davr asosan 0–12 yosh oralig‘ini qamrab oladi. O‘smirlik yoshigacha miya juda moslashuvchan bo‘lib, ayniqsa, tilni o‘zlashtirish jarayonida yuqori faollik ko‘rsatadi. Taxminan 17–18 yoshdan keyin esa miyaning moslashuvchanligi asta-sekin kamayadi va yangi bilim hamda ko‘nikmalarni egallash uchun ko‘proq vaqt va mashq talab etiladi.

Shunga qaramay, tilni majburiyat sifatida emas, balki qiziqarli mashg‘ulot sifatida o‘rganish har qanday yoshdagi inson uchun samaraliroq hisoblanadi. Ayniqsa, bolalar o‘yinlar, multfilmlar, qo‘shiqlar va jonli muloqot orqali tilni tabiiy ravishda o‘zlashtiradi. Bundan tashqari, ularning nutq apparati hali to‘liq shakllanmaganligi sababli yangi tovushlarni va talaffuzni kattalarga nisbatan osonroq o‘zlashtira oladi.

Biroq bu kattalar uchun chet tilini mukammal o‘rganish imkoniyati yo‘q degani emas. Yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun hech qachon kech emas. Kuchli motivatsiya, aniq maqsad va muntazam mashq orqali istalgan yoshda ham chet tilini muvaffaqiyatli o‘rganish mumkin.

Bolalarga chet tilini o‘qitishning 5 usuli bilan esa bu yerda tanishishingiz mumkin.

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistranti