OʻZBEKISTON–POLSHA HAMKORLIGINING YANGI BOSQICHI
13.04.2026Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Ilhom Sirojev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Polsha Respublikasi fan va oliy taʼlim vaziri Marsin Kulasek oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.



Muloqot davomida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida oliy taʼlim, ilm-fan hamda innovatsiyalar yoʻnalishidagi hamkorlikning bugungi holati atroflicha koʻrib chiqildi va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar universitetlararo aloqalarni mustahkamlash, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy izlanishlar hamda akademik almashinuvlarni faollashtirishga ustuvor ahamiyat qaratdilar. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi hamkorlikning tarixiy ildizlari mavjudligi, bugungi aloqalar esa ana shu anʼanalarning zamonaviy davomi ekani taʼkidlandi. Bu jarayonda inson kapitalini rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish va innovatsion taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan islohotlar muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.
Polsha tomoni, oz’ navbatida, Oʻzbekiston bilan akademik hamkorlikni yuqori baholab, mavjud muloqot platformalari ikki mintaqa oʻrtasidagi amaliy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini bildirdi. Polsha universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy konsorsiumlar va innovatsion loyihalarni kengaytirishga qiziqish yuqori ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, kasbiy taʼlim yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish, dual taʼlim elementlarini joriy etish, ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish va oʻquv dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish zarurligi alohida qayd etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

