OʻZBEKISTON VA ROSSIYA OʻRTASIDA OLIY TAʼLIM VA FAN SOHASIDA HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

26.03.2026

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashib, ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va ilmiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar yoʻnalishidagi aloqalar keng qamrovli va barqaror rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Bugungi kunda ushbu hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega boʻlib, amaliy jihatdan ham izchil kengaymoqda.

Uchrashuvda akademik mobillikning oshib borayotgani, oʻzbekistonlik talabalar orasida Rossiya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishga qiziqish kuchayayotgani qayd etildi. Shuningdek, taʼlim sifatini yuksaltirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish hamda Rossiya oliygohlari filiallari faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama markazida boʻldi.