OLIY TAʼLIM YOʻNALISHLARI VA MUTAXASSISLIKLARI KLASSIFIKATORI YANGI TAHRIRDA TASDIQLANDI
03.03.2026Jahon iqtisodiyotining shiddat bilan yangilanishi, raqamli transformatsiya jarayonlarining chuqurlashuvi va global raqobatning kuchayishi sharoitida oliy taʼlim tizimi oddiy kadrlar tayyorlash sohasi emas, balki mamlakat taraqqiyotining strategik omiliga aylanmoqda. Bu borada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori” yangi tahrirda tasdiqlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Klassifikatorning yangilanishi mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarining real ehtiyojlari, ish beruvchilar talablari hamda ilm-fan va texnologiyalarning global rivojlanish tendensiyalari bilan bevosita bogʻliq. Bugungi kunda mehnat bozoriga raqamli savodxon, moslashuvchan, fanlararo fikrlay oladigan va uzluksiz kasbiy oʻsishga qodir yangi avlod mutaxassislari zarur.

Klassifikatorning yangi tahririga 13 ta yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 15 ta yangi magistratura mutaxassisliklari kiritildi. Ular iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan sohalarini qamrab oladi, jumladan:
– raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt;
– kiberxavfsizlik va axborot tizimlarini himoya qilish;
– muhandislik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish;
– zamonaviy iqtisodiyot va innovatsion boshqaruv;
– sogʻliqni saqlash va tibbiy texnologiyalar;
– kelajak iqtisodiyoti va barqaror rivojlanishni shakllantiradigan boshqa istiqbolli yoʻnalishlar.
Yangi taʼlim yoʻnalishlari real sektor va ish beruvchilar takliflari asosida shakllantirildi. Bu esa oliy taʼlim tizimining ishlab chiqarish, biznes va ijtimoiy sohalar bilan uygʻunligini taʼminlaydi. Yangilangan Davlat taʼlim standarti mutaxassis tayyorlashning kompetensiyaviy modelini joriy etish, taʼlimning amaliy yoʻnalishini kuchaytirish, raqamli taʼlim platformalarini keng tatbiq etish hamda akademik mobillikni rivojlantirishga qaratilgan.
