OLIY TA’LIM FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRI ITALIYANING TURIN SHAHRI MERI BOSHCHILIGIDAGI DELEGATSIYA BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI
29.01.2025Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Italiyaning Turin shahri meri Stefano Lo Russo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.


Tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Tadbirda Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Piyergabriyele Papadiya de Bottini, Turin politexnika universiteti rektori Stefano Kornyati, Turin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Daro Gallina va boshqa rasmiy shaxslar qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi.


Uchrashuv davomida O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, Italiya universitetlari bilan hamkorlik aloqalari va yangi loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, Turin politexnika universitetida o‘zbekistonlik talabalar uchun alohida joy ajratish, Toshkentdagi Turin politexnika universitetida inkubator tashkil etish hamda talabalar uchun Italiya kompaniyalarida amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ilgari surildi. Turin politexnika universiteti rektori Stefano Kornyati ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Turin shahri meri Stefano Lo Russo O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorlikni yuqori baholab, Toshkent shahrida “Italiya-O‘zbekiston ilg‘or muhandislik markazi”ni rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.
Muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasida kadrlar tayyorlash, tadbirkorlik va innovatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda energetika, atrof-muhit, biotexnologiya va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.