O‘ZBEKISTON VA ITALIYA O‘RTASIDAGI STRATEGIK HAMKORLIK YANGI BOSQICHGA CHIQMOQDA

29.05.2025

Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2023-yil iyun oyida Rimda erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oxirgi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb uch barobar oshgan, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa ikki barobarga ko‘paygan. Metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm kabi sohalarda Italiya kompaniyalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Madaniy-gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi Venetsiya biyennalesida ishtirok etdi, Florensiyada ko‘rgazma tashkil etildi. Rim va Viarejoda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Turin va Piza universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, aprel oyida rektorlar forumi samarali o‘tkazildi.

Uchrashuvda siyosiy muloqotni davom ettirish, Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni kengaytirish, «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy yo‘nalishda O‘zbekiston eksportchilari uchun Yevropa bozoriga chiqishni osonlashtirish maqsadida Toshkentda Sertifikatlash markazi tashkil etish, texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha bitimni tezlashtirish rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiyaning ilg‘or kompaniyalari bilan texnologik sheriklik dasturini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Toshkent viloyatida Yevropa operatorlari ishtirokida sanoat parki tashkil etilishi mumkin. Shuningdek, qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tuzish va «SACE» hamda «SIMEST» agentliklarini jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi — uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar va biotexnologiyalarni rivojlantirish, agrosug‘urta tizimini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Hukumatlararo guruh faoliyatini tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birgalikda o‘tkazish rejalashtirilgan. Hududlararo sheriklik doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida erishilgan natijalar yuqori baholandi.

Ta’lim sohasida Tushiya universiteti filialini ochish, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

https://president.uz/oz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

16 + 1 =