O‘ZBEKISTON-VENGRIYA REKTORLARINING UCHINCHI FORUMI O‘Z ISHINI BOSHLADI
05.03.2026Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Raqamli davrda oliy ta’lim: sun’iy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusidagi O‘zbekiston–Vengriya rektorlarining uchinchi forumi o‘z ishini boshladi.


Nufuzli xalqaro anjumanni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi József Rózsa, Óbuda universiteti rektori Levente Kovach kirish so‘zlari bilan ochib berdilar.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov o’z nutqida dastlab Vengriya bilan oliy taʼlim va ilm-fan sohasida hamkorlik yoʻnalishlari asosan akademik dasturlarni amalga oshirish, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvini oʻz ichiga oldiganini ta’kidladi.

Qoʻngʻirotboy Sharipov:
– Ayniqsa, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, Vengriya hukumati Oʻzbekiston fuqarolari uchun “Stipendium Hungarichum” stipendiya dasturi doirasida taʼlim grantlari kvotasini ajratishni boshladi. Dastlab stipendiya oʻrinlari 30 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab kvotalar soni 200 oʻringa yetdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonning 50 dan ortiq oliy taʼlim tashkilotlari Vengriyaning 30 dan ziyod universitet va ilmiy-taʼlim tashkilotlari bilan turli yillarda imzolangan 100 ga yaqin hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim va anglashuv memorandumlari asosida oʻzaro hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.
Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligidagi axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, muqobil energiya manbalari, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va ekologik loyihalarni qamrab oluvchi 17 ta startap loyihalar moliyalashtirilgan.

Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli:
– Soʻnggi yillarda Vengriya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi munosabatlar jadal va samarali rivojlanib bormoqda. Ilk bosqichda muloqot va oʻzaro tanishuv bilan boshlangan hamkorlik bugungi kunda aniq institutsional sherikliklar, talabalar almashinuvi dasturlari hamda qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari orqali yangi mazmun kasb etmoqda.
Shu maʼnoda, Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan uchinchi Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumi munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va ularni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda dunyo oliy taʼlim tizimi jadal oʻzgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligi sunʼiy intellektdan samarali foydalanish, qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, texnologiyalar transferi, shuningdek, universitetlar va startap ekotizimlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish kabi omillar bilan chambarchas bogʻliq. Bugungi forum ana shu dolzarb masalalarni muhokama qilish va oʻzaro tajriba almashish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
