POKISTONDA “STUDY IN UZBEKISTAN” TA’LIM KO‘RGAZMASI TASHKIL ETILDI

09.04.2026

Joriy yilning 3–8-aprel kunlari Pokiston Islom Respublikasida Karachi va Islomobod shaharlarida “Pakistan Travel Mart” (PTM) xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisi Chaudxri Xamid Maxmud ishtirokida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tomonidan “Study in Uzbekistan” ta’lim ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlari, talabalar almashinuvi dasturlari, mavjud ta’lim yo‘nalishlari hamda mamlakatimizning 10 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga axborot materiallari sifatida jurnallar va flayerlar tarqatildi.

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan mazkur ta’lim taqdimoti xorijlik ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va O‘zbekistonning xalqaro ta’lim maydonidagi salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etdi.