PREZIDENT ISHTIROKIDA 8-MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN TANTANALI MAROSIM BO‘LIB O‘TDI
06.03.2026O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.


Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat ravnaqi xotin-qizlarning fidokorona mehnati, mehr-muhabbati hamda faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish borasida mutlaqo yangi tizim shakllantirildi. Qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda gender tengligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi islohotlar natijasida mamlakatimiz xalqaro reytinglarda ham sezilarli darajada yuqorilab bormoqda.
Prezident ayollarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanchi sifatida e’tirof etib, ularning baxtli va farovon hayot kechirishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram arafasida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh xotin-qizlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, ilm-fan, ta’lim, sport va jamoat ishlarida faol qizlardan 28 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.







